Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi Olmazor tuman bo‘limi tomonidan tumandagi “ZELAL TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi faoliyati yuzasidan monitoring o‘tkazildi.
Monitoring O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori 1-ilovasining 24-bandi (bo‘yash va oqartirish sexlari bo‘lgan yigiruv va to‘quv fabrikalari) ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.
O‘rganish jarayonida korxonada trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan mato changlari samaradorligi yuqori bo‘lgan qo‘lqopli filtrlar bilan tozalanishi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, texnologik jarayonda hosil bo‘ladigan oqova suvlar amaldagi biologik lokal tozalash inshooti orqali tozalanishi aniqlandi.
Ma'lumot uchun, bugungi kunda, “ZELAL TEKSTIL” xorijiy korxonasi tomonidan zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan lokal suv tozalash inshooti qurilmoqda. Bunda korxona hududini kengaytirish va yangi texnologiyalarni joriy qilgan holda ishlab chiqarishni tashkil qilishning atrof muhitga ta’siri to‘g‘risidagi bayonoti loyihasi uchun ekspertiza xulosasi olingan. Ushbu lokal suv tozalash inshooti bir kunda 633,365 m3 oqova suvni tozalash imkonini beradi.