Toshkentda “Orol dengizi xavzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” loyihasi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond (GEF) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspert va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
“Loyiha Qoraqalpogʻistonning Orolboʻyi hududi va Buxoro viloyatida yangi ekologik hududlarning barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan. Tadbirda 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024-yilga mo‘ljallangan rejalar haqida ma’lumot berildi. Loyiha doirasida 4 ta komponent amalga oshirilmoqda, ular orasida asosiylari suv resurslari va yer degradatsiyasiga qarshi kurashdir”, — dedi Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi loyihalarini amalga oshirish agentligi rahbari Vadim Sokolov.
Tadbirda loyiha doirasida bajarilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlariga e’tibor qaratildi.
“Maqsadimiz 2024-yil uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni aniqlash edi. Muhokamalar davomida har bir taklifga e’tibor qaratib, kelajakdagi rejalarni belgilab oldik”, — dedi Orolbo’yi suvli-botqoqli hududlarni boshqarish loyihasi rahbari Akmal Ismatov.
Ma’lumot uchun, loyihaning maqsadli hududi Oʻzbekistonning janubiy va janubi-gʻarbiy qismlari, Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasi hisoblanadi. Bu hudud maʼmuriy jihatdan Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo va Moʻynoq tumanlarini oʻz ichiga oladi.
Loyiha doirasida maqsadli hududlardagi suv obyektlari o'rganildi va tahlil qilindi, yaylovlarning o'tkazuvchanligini baholash uchun ma'lumotlar to'plandi va tavsiyalar berildi. Mavjud va yangi tashkil etilgan qo'riqlanadigan hududlarning holati baholandi, bir qator me'yoriy hujjatlar va qonun loyihalari tayyorlandi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning geografik ma’lumotlar bazasi” ishlab chiqildi, qo‘riqlanadigan hudud uchun kuzatuv minoralari, yo‘ltanlamas avtomashinalar, kvadratsikllar, kameralar va boshqalar xarid qilindi.