Yangi tizim tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratadi
05.
02. 2024
15:52
1864
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizimidagi “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentyabrdagi 541-son Qaroriga muvofiq rejalashtirilayotgan va amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa turdagi faoliyat turlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

“Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasida barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari Davlat ekologik ekspertizasi obyektlari ekanligi keltirilgan hamda Qonunning 13-moddasida ushbu qonunning 11-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan obyektlarni Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishning majburiyligi belgilangan.

Shu bilan birga, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga muvofiq Davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasisiz loyihalarni amalga oshirish taqiqlangan. Mazkur jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish maqsadida esa eco-service.uz axborot tizimi ishlab chiqilgan va takomillashtirilmoqda. 

2024-yilning 1-fevralidan boshlab eco-service.uz axborot tizimining yangi versiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu tizimda tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratiladi. Yangicha yondashuv tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidan boshlab faoliyat turiga muvofiq ekologik baholash va me’yorlash talablari haqida xabardor qilish, faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ekologik me’yoriy hujjatlari bilan qamrov darajasini keskin oshirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, shaffof va qulay tizim yaratish, tizimda qamrov darajasini keskin oshirish hamda tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qulaylik yaratishni ta’minlaydi. Respublika bo‘yicha tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga umumiy ogohlantirish xati o‘zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida tizimning veb-sahifasida joylashtirilib, havolasi subyektlarga SMS xabarnoma shaklida yuboriladi va ogohlantirish xatini ochib o‘qigan har bir subyekt belgilab boriladi.

Ogohlantirish xatining o‘zida barcha me’yoriy hujjatlar bilan tanishish hamda telegram bot yoki veb-sayt orqali ariza berish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, ariza berish uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki elektron raqamli imzodan foydalanish talab etilmaydi. Tayyor bo‘lgan elektron ariza bir martalik SMS kod bilan tasdiqlanadi. 

Tadbirkorlik subyektlari uchun loyiha hujjatlarini tayyorlash va topshirish bilan bog‘liq xarajatlar oldingidan 10 martaga — 340 000 ming so‘mdan 34 000 ming so‘mga arzonlashadi hamda 5 ish kunidan 1 ish kuniga qisqardi, ya’ni 5 martagacha tezlashadi. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish to‘g‘risida ogohlantirilgandan keyin ham xulosa olmagan yoki xulosaning amal qilish muddati o‘tgan tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlar to‘g‘risida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hududiy inspektorlarning planshetlari orqali avtomatik tarzda xabarnoma berish yo‘lga qo‘yiladi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalari vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi. 

Ma’lumot uchun, mazkur tizim orqali o‘tgan yillarda yiliga 20 000 ming atrofida elektron arizalar ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, yangi tizim orqali 2024-yilning o‘zida 100 000 mingdan ortiq arizalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Shuningdek, atrof muhitga ta’sir holatlarning nazorati yaxshilanadi. 

Qolaversa, jarayonlar to‘liq raqamlashishi hisobidan ish sifati va samaradorligi keskin oshib, tizimning monitoring yuritish va statistik tahlillarni tayyorlash jarayoni avtomatlashadi. Yarim avtomatlashitirilgan tartibda tayyorlanayotgan loyiha hujjatlari hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati oshadi.

Foydali manbalar