O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
02.
02. 2024
10:22
1005
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Germaniya hukumatining iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha maxsus vakili, Germaniya tashqi ishlar vazirligi shtat kotibi Jennifer Morgan xonim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator masalalar va yangi tashabbuslar muhokama qilindi. Xususan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Central Asian Green University")ning o‘rmon xo‘jaligi, gidrometeorologiya va iqlim bilan bog‘liq bo‘lgan muassasalar uchun poydevor tashkilot ekanligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda A.Abduhakimov PM2.5 zarralariga e’tibor qaratgan holda yirik shaharlar havosining ifloslanishiga qarshi kurashish bo‘yicha hukumat qarorlari va strategiyalari bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, havo sifati muammosining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishiga to‘xtaldi. Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha muhokamalarda ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilik ishtiroki hamda fuqarolarning xabardorligini oshirish zarurligi qayd etildi. 

O‘z navbatida, Jennifer Morgan xonim O‘zbekistonning ekologiya sohasidagi tashabbuslarini yuqori baholadi va ilm-fan, ta’lim, ekologik muammolarni hal etishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga umid bildirdi. 

Shuningdek, uchrashuvda nostandart benzinning havo sifatiga ta’siriga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, vazir “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish tashabbuslari haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi institutsional va siyosiy o‘zgarishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu ekologik siyosat bo‘yicha asosiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Prezident huzuridagi Iqlim kengashini tuzish to'g'risidagi qarordir. Kengashning ijro etuvchi organi sifatida Milliy iqlim markazining roli qayd etildi.

Qolaversa, Ekologiya vaziri maslahatchisi Suna Park har bir boʻlimda vazirlik tomonidan muvofiqlashtiriladigan ekologik diplomatiya boʻlimi tashkil etish, 2030-yilgacha iqlim oʻzgarishi boʻyicha yagona siyosat va milliy strategiyani ishlab chiqish rejalari bilan oʻrtoqlashdi. 

Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda ekologik barqarorlikni ta’minlash va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning yuqori ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Uchrashuv kun tartibidan YeTTB bilan strategik hamkorlik masalalari va Markaziy Osiyo uchun Ekologik fondni yaratish rejalari ham o‘rin oldi. 

Yakunda Germaniya tomoniga COP14 — Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi va Samarqand iqlim forumi haqida ma’lumot berildi va Germaniya delegatsiyasi ushbu tadbirlarga taklif qilindi.

 

 

Foydali manbalar