Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda
01.
02. 2024
14:22
906
Yangiliklar

2024-yil 30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida vazir Aziz Abduhakimov va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi Yangi innovatsion iqlim markazi asoschisi Rae Kvon Chung o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda, shuningdek, vazir maslahatchisi Suna Park, TDIU rektori, professor Qo‘ng‘irotboy Sharipov, shuningdek, iqlim markazi direktori Laylo Yaxshiboyeva ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, Iqlim kengashini tuzish borasidagi asosiy masalalar, xususan, tadqiqot ma'lumotlarining yetishmasligi, iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha mutaxassislar, olimlarning kamligi, ekolog-olimlarni o‘zaro bog‘lash uchun joy, tarmoq yo'qligi kabi muammolarga e’tibor qaratildi. 

O‘z navbatida “Hub&Spot” formatida faoliyat yurituvchi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Central Asian Green University”) va milliy iqlim markazi muammolarni tizimli hal etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. 

Shuningdek, “Green Cities” loyihasi doirasida Oʻzbekistondagi hokimlar uchun treninglar oʻtkazishga ekspert oʻqituvchilarni jalb qilish masalasi ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida quyidagi kelishuvlarga erishildi: 

— TDIU va “Central Asian Green University”, shuningdek, TDIUning yangi innovatsion iqlim markazi va vazirlikning milliy iqlim markazi oʻrtasida qoʻshma tadqiqotlar, loyihalar va konferensiyalar oʻtkazish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash;
— Yangi innovatsion iqlim markazi va Ekologiya vazirligi o‘rtasida taklif va g‘oyalar almashinuvi orqali ikki tomonlama hamkorlik rejasini ishlab chiqish;
— BMT sobiq Bosh kotibi Pan Gi Munning O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkillashtirish. Pan Gi Munni aprel oyidagi Samarqand forumiga taklif etish rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, Professor Rae Kvon Chung Nobel mukofoti sovrindori hisoblanadi. U BMT sobiq Bosh kotibi Pan Gi Munning iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi va Janubiy Koreyaning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha elchisi lavozimlarida ishlagan. Hozirda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetida faoliyat yuritmoqda.

Foydali manbalar