Ekologiyaga zararsiz: Sirdaryoda tabiiy yo‘l bilan isitilayotgan issiqxonalar
30.
01. 2024
14:24
1629
Yangiliklar

Sirdaryoda isitish tizimlaridan, zararli vositalardan foydalanmagan holda isitiladigan issiqxonalar faoliyat yuritmoqda. Sardoba tumanidagi “Baxmal” mahallasida “Sardoba Universal Cluster”ga qarashli ana shunday 4 ta issiqxona qurilgan bo‘lib, ularda koʻkatlar yetishtiriladi.

“Odatda issiqxonalarni isitishda koʻmir yoki tabiiy gazdan foydalaniladi. Bu esa atmosfera havosiga zaharli tashlanmalar chiqarilishiga hamda turli kasalliklarga sabab boʻladi. Bu issiqxonalar esa tabiiy yo‘l bilan, quyosh energiyasi orqali isitilib, ekologiyaga hech qanday zarar keltirmaydi”, — dedi Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimi Sardor Kadiraliyev.

Mazkur issiqxonalar kun davomida quyosh energiyasini akkumulyator singari oʻz ichiga yigʻadi. Kun botishi bilan esa issiqxona atrofi maxsus issiqlik saqlovchi koʻrpalar bilan yopiladi. Kunduzi toʻplangan harorat tongga qadar oʻz kuchini yoʻqotmaydi.

Shuningdek, issiqxonada suvni tejashga ham alohida e'tibor qaratiladi.

“Ushbu hududdan oqib oʻtgan zovurdagi suv filtrlanib, tarkibidagi tuz miqdori kamaytiriladi va hovuzga olinadi. Issiqxona ana shu suv orqali tomchilatish usuli bilan sug‘oriladi. Bu orqali yetarlicha suvni tejab qolyapmiz”, – dedi issiqxona ish yurituvchisi Davlat Mamadiyarov. 

Ta’kidlash joizki, viloyat boʻyicha bu kabi issiqxonalar 38,3 gektarga yetgan. Ularda yilning fevral-noyabr oyigacha turli sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. 

Bu kabi issiqxonalarning ko‘payishi ekologiya, xususan, atmosfera havosi yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Foydali manbalar