Kerakli uskunalarni oʻrnatmagan korxonalar javobgarlikka tortiladi
24.
01. 2024
14:28
2245
Yangiliklar

Ekologiyaga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi sanoat korxonalariga qator majburiyatlar yuklatilgan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi "Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonida I toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda 2024-yil yakuniga qadar, II toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda esa 2025-yil yakuniga qadar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalari oʻrnatilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. 

Shuningdek, yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlari oʻrnatilishi hamda mavjudlari modernizatsiya qilinishi lozim. Qolaversa, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sanitar himoya zonalarini avtomat statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash talab qilinadi.

2023-yil 1-iyuldan talab qilingan uskunalarni oʻrnatgan (yoki shartnomaga asosan 15 foizdan ortiq toʻlovlarni amalga oshirgan) korxonalarga atrof tabiiy muhitni ifloslantirganligi va chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini teng ulushlarda 36 oy davomida boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etilgan.

Prezident Farmoniga ko‘ra, kerakli uskunalarni oʻrnatmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari 5 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi. 

2024-yil 1-yanvardan atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I toifaga va II toifaga kiruvchi yangi obyektlarni loyihalashtirishda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va (yoki) lokal suv tozalash inshootlari oʻrnatilishi koʻzda tutilmagan loyihalarni davlat ekologik va shaharsozlik ekspertizalaridan oʻtkazish hamda qurilishi tugallangan obyektlarni, ularni oʻrnatmagan holda foydalanishga qabul qilish man etiladi.

Foydali manbalar