Orol dengizi hududida 350 tup cherkez va qandim o‘simliklari ekildi
22.
01. 2024
17:46
2500
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida Toshkent kimyo-texnologiya instituti (TKTI) tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq tumani hamda Orolbo‘yi hududiga ekspeditsiya tashkil qilindi. Maqsad Orol dengizi hududida yangi innovatsion biotexnologiyalarni jalb qilish orqali ekologik tizimni shakllantirish edi. 

Ekspeditsiyada institutning professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalar ishtirok etdi. Ular dengiz hududida TKTI bog‘ini yaratishdi. Bog‘da yangi innovatsion texnologiya asosida 350 tup cherkez va qandim o‘simliklari ekildi. 

Shuningdek, Mo‘ynoq tumanida yosh olimlarning kelgusi tadqiqotlari uchun 80-350 km oraliqdagi hududlardan 37 ta namuna obyekt sifatida tanlab olindi. Qolaversa, tuproq-gil va qotishma ko‘rinishidagi obyektlardan har 30 kmdan 20 dan ortiq namuna olindi. Shu bilan birga, institut olimlari tomonidan ishlab chiqilgan jami 350 kg kompozit cho‘l o‘simliklari ildiz tizimiga qo‘yib chiqildi.

Ma'lumot uchun, kompozit TKTI olimlari tomonidan yaratilgan maxsus o‘g‘it-modda bo‘lib, o‘simliklarning cho‘l hududida, sho‘r tuproqda ham o‘sib ketishiga imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, cho‘l hududidagi dorivor o‘simliklardan ham namunalar olindi. Bu namunalardan tub aholi orasida keng tarqalgan kasalliklarning oldini olish va tabiiy davolash bo‘yicha biodozalar ishlab chiqish maqsadida foydalaniladi.

Foydali manbalar