Hamid Puran: "Green University" — yashil kelajak uchun qo‘yilgan muhim qadamdir"
15.
01. 2024
17:33
1328
Yangiliklar

Toshkentda Buyuk Britaniyalik olim, ekologiya sohasi mutaxassisi, muhandis, professor Hamid Puran ishtirokida “Yashil muloqot: barqaror rivojlanishga chuqur sho‘ng‘ish” mavzusida ochiq ma’ruza bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti ("Central Asian Green University") tomonidan tashkil etildi.

Ma’ruza davomida professor Hamid Puran bugungi iqlim o‘zgarishining dinamikasi va o‘ziga xos xususiyatlari, oqibatlari haqida qiziqarli faktlar hamda o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, mintaqadagi mavjud institutlarning, xususan, 2023-yilda faoliyatini boshlagan "Central Asian Green University"ning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdagi o‘rni va vazifalari haqida gapirdi. 

"O‘zbekistonda hukumat tomonidan ekologiya sohasida asosiy e'tibor yangi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda innovatsion texnologiyalarni yaratishga qaratilgan. "Central Asian Green University"ning tashkil etilishi bu fikrning yaqqol isbotidir, — dedi Puran. — Ushbu ta'lim muassasasi yashil kelajak uchun qo‘yilgan muhim qadamlardan biri hisoblanadi".

Ma’ruza sohaga oid qiziqarli muhokamalar bilan davom etdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Ma’lumot uchun, professor Hamid Puran – xalqaro olim, ekologiya va atrof-muhit muhandisligi sohasida katta tajribaga ega tadqiqotchi- ekspert, Nanotexnologiya va atrof-muhit bo‘yicha Transatlantika tashabbusi (TINE) va Qirollik kimyo jamiyati (MRSC) ilmiy hamjamiyatlarining hurmatli a’zosidir. U, shuningdek, "BBC World" telekanalining atrof-muhit bo'yicha maslahatchisi bo'lib, "BBC World News"ning "Chang-qum bo‘ronlari" hujjatli filmida ishlagan. Shu bilan birga, Shotlandiya xalqaro va strategik ishlar markazining ekologiya bo'yicha eksperti hisoblanadi. Hamid Puran hozirda "Central Asian Green University"da rektorning ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Foydali manbalar