Ariqlarga qo‘shib betonlangan daraxtlar beton qoplamalardan tozalandi
11.
01. 2024
16:46
1686
Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda suvni tejash maqsadida betonlanishi buyurilgan ariqlar joylardagi suv xoʻjaligi masʼullari tomonidan daraxtlar bilan birga betonlab yuborilayotganligi  haqidagi xabarlar chop etildi. 

Ekologiya vazirligi bunday holatlar roʻy bergan taqdirda, ularga sabab boʻlgan pudratchilarga ham, masʼullarga nisbatan ham amaliy choralar koʻrilishini maʼlum qiladi. 

Taʼkidlash lozimki, ayni damda masʼullar tomonidan daraxtlarning betonlanishi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Jizzax viloyatining Forish tumani, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani, Navoiy va Namangan viloyatlarida xam daraxtlar betonlardan tozalandi. 

Sirdaryo viloyatida olib borilgan oʻrganish ishlari davomida Guliston tumani “Ishonch” SIU hududida ariqlarni betonlashtirish uchun daraxtlarni kesish yuzasidan murojaat qilingan. Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi esa daraxtlarni kesishga ruxsat bermagan.  Bugungi kunda ushbu manzarali daraxtlar oʻsishdan toʻxtamagan va ularga hech qanday shikast yetkazilmagan. 

Ammo boshqa bir hududda daraxtlar ruxsatsiz kesilgan. Yaʼni Guliston shahri va Mirzaobod tumani hududidan  oqib oʻtuvchi kanal va ariqlarni betonlashtirish jarayonida 20 tupdan ortiq daraxt ildizi bilan qoʻporib tashlangan. Natijada tabiatga 232 million 560 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish maqsadida viloyat prokuraturasiga yuborilgan. Hozirda holat boʻyicha tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Qolgan hududlarda ham oʻrganish ishlari davom ettirilib, daraxtlar beton qoplamalardan tozalanmoqda. 

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga ariqlar va kanallarni betonlash ishlari davomida daraxtlarga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik, jarayonni faqat tasdiqlangan loyihalar bo‘yicha sifatli amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari yuborildi (ba'zi hollarda fermer xo'jaliklari zarur tayyorgarlik ishlarini o‘tkazmasdan, kerakli markadagi betondan foydalanmasdan, yon devorlari va pastki qismini mustahkamlamasdan, betondan ruxsatsiz foydalanishadi, bu esa betonlangan ariqlar yoki kanallarning muddatidan oldin buzilishiga sabab bo‘ladi). 

Hurmatli yurtdoshlar! Yuqoridagi kabi holatlarga duch kelsangiz, vazirlikning +998(71) 207-11-07, +998(71) 207-11-08 ishonch telefonlariga yoki 11-57 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilib, xabar berishingizni soʻraymiz. Shuningdek, murojaatingizni @ecogovuz_bot telegram boti orqali ham yoʻllashingiz mumkin. 

Unutmang, atrof-muhit tozaligi uchun barcha birdek masʼul!

Foydali manbalar