"Tabiat himoyachisi": ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishda fidoiylik ko‘rsatganlar taqdirlandi
29.
12. 2023
12:01
1503
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida "Tabiat himoyachisi" ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari, xususan, Senatning Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo'mitasi raisi Boriy Alixanov, Orol dengizining qurigan tubidagi ekotizimni tiklash davlat dasturining bosh kuratori Zinoviy Novitskiy, O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi rahbari Shirin Abidova, Nargis Qosimova, Mo'tabar Xushvaqtova ("O'rik guli") va boshqa ekofaollar, blogerlar, volontyorlar hamda sohada uzoq yillardan beri faol mehnat qilib kelayotgan fidoyi xodimlar taqdirlandi. 

Marosimda nutq so‘zlagan Boriy Alixanov hukumatimiz tomonidan atrof-muhitni asrash borasida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilayotganligini ta'kidladi.
 
“Bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ekologiyamizni asrab-avaylash, dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan ko‘plab ishlar qilindi, — dedi u. — Shu bilan birga, tabiatimiz haqida qayg‘urayotgan, atrof-muhitga befarq bo‘lmasdan, ekologik mas’uliyatini chuqur his qilayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz soni ortib bormoqda. Bu quvonarli holat, albatta”. 

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov esa  tabiatni asrab-avaylashda ekologiya fidoiylarining o‘rni juda muhim ekanligini qayd etdi. 

"Sizning mehnatlaringiz, g‘oyalaringiz, tashabbuslaringiz biz uchun juda kerakli va qadrli. O‘tgan yil davomida nimagaki erishgan bo‘lsak, barchasi atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida birlashganimiz, sizlarning mashaqqatli mehnatlaringiz sabablidir, — dedi vazir. — Kelgusi yilda ham rejalarimiz katta. Birgalikda qiladigan ishlarimiz ko‘p. Umumiy maqsadimiz esa mushtarak —  kelajak avlodga biznikidan-da yaxshiroq ekologiyani meros qilib qoldirish".

Tadbir davomida nafaqat ekologiya, balki barcha sohalarda yoshlarning o‘rni, ahamiyati ortib borayotganligi ta'kidlandi. Aziz Abduhakimov ana shunday ekofaol yoshlardan biri — 12 yoshli Leyla Farhadovani alohida e'tirof etib, unga bolalar uchun mo‘ljallangan Qizil kitobni topshirdi.  

Ma'lumot uchun, "Tabiat himoyachisi" ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yilning 10-avgustdagi qaroriga ko‘ra ta'sis etilgan.

Har yili ushbu nishon bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritgan, shuningdek, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda yashil maydonlarni kengaytirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan shaxslar taqdirlanadi.

 

Foydali manbalar