Buxoroda 7 ta huquqbuzarlik aniqlanib, jami 70 million so‘mga yaqin tovon to‘lanadigan bo‘ldi
14.
12. 2023
11:35
1887
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi davlat ekologik nazorat inspeksiyasi va hududiy bo‘linmalar xodimlaridan iborat tezkor guruh tomonidan Buxoro viloyatining Jondor va Peshko' tumanlarida reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Reydlar davomida 7 ta huquqbuzarlik holati ma'lum bo‘ldi. Xususan, 4 ta holatda saksovul o‘simligi noqonuniy tarzda qo‘porib olib ketilayotganligi ma'lum bo‘ldi. 4 nafar huquqbuzarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, har bir huquqbuzarga BHMning 5 barobari — 1 million 700 ming so‘mdan jarima, jami 6 million 800 ming so‘m jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga jami 50 mln 760 ming so‘m zarar yetkazilganligi hisoblandi. Huquqbuzarlar belgilangan jarima hamda o‘zlariga tegishli zarar miqdorini to‘laydigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, hududda ov qilish qoidalarini buzgan holatda noqonuniy qurol olib yurgan 3 nafar huquqbuzar aniqlandi. Ular ov qilishga ulgurmasdan qo‘lga olindi hamda MJtKning 90-moddasi 1-qismi bilan huquqbuzarlarning har biriga BHMning 10 barobari — 3 million 400 ming so‘mdan jarima belgilandi. Huquqbuzarlar jami 10 million 200 ming so‘m miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun 2023-yil 1-noyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlarida tezkor ekologik nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Foydali manbalar