WEFE nexus: O‘zbekiston tabiat resurslarini boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi faoliyat haqida ma’lumot taqdim etdi
13.
12. 2023
10:53
2567
Yangiliklar

Dubayda “Suv, energiya, oziq-ovqat xavfsizligi va integratsiya” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir BAAda boʻlib oʻtgan BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Xalqaro suv xo‘jaligi institutining (IWMI) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Dr. Mohsin Hafiz, BMT sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) raqamli transformatsiya va sun'iy intellekt bo'yicha katta maslahatchisi Ashraf Abushadi, Potsdam iqlim o‘zgarishini o‘rganish instituti (PIK) Iqlimga chidamlilik gidroklimatik xavflar ishchi guruhi rahbari Fred F. Hattermann, BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tabiiy resurslar bo'yicha mutaxassisi Evetta Zenina, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakili Bekzod Jalilov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Nazarov, Ekologiya vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Baxtiyor Po‘latov va Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, akademik, Orol dengizini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha loyiha rahbari Zinoviy Novitskiy ishtirok etdi.

Panel sessiyasi davomida “Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishiga moslashish va yumshatish bo‘yicha o‘z siyosatini rejalashtirishga Nexus yondashuvini qanday kiritishi mumkin”, “Orol dengizi mintaqasida iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun aqlli texnologiyalarni joriy etish”, “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi: namunalar va prognozlar”, “FAO: iqlim oʻzgarishining Markaziy Osiyo mintaqasida qishloq xoʻjaligi, suv resurslari va energetikaga taʼsiri” va boshqa mavzularda ma'ruzalar taqdim etildi.

Ta’kidlash joizki, tadbir turli mamlakatlarning o‘zaro bog‘liq manfaatlari muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni talab qiladigan mintaqada tabiiy resurslarni barqaror boshqarishning zamonaviy tizimlari ahamiyatiga bag‘ishlandi. Muhokamalar chogʻida Markaziy Osiyo davlatlarining milliy siyosatini integratsiyalash strategiyalari koʻrib chiqildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyoda “WEFE nexus”ning o‘zaro bog‘lanishi, shuningdek, transchegaraviy hamkorlik va bilim almashinuvini mustahkamlash masalalarini muhokama qilish edi.

Ma'lumot uchun, WEFE (water, energy, food and environment) ingliz tilidan tarjima qilinganda — suv, energiya, oziq-ovqat va atrof-muhit. "Nexus" so'zma-so'z "aloqa" degan ma'noni anglatadi. WEFE Nexus yondashuvini amalga oshirish muhim resurslar taqchilligi muammosini kamaytirishi mumkin.

Panel sessiyasi chog‘ida Markaziy Osiyo mamlakatlari transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik borasida faol ish olib borayotgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, respublikalar iqlim o'zgarishi sharoitida oziq-ovqat va energiya xavfsizligini mustahkamlash uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari va barqaror qishloq xo'jaligi strategiyalarini ishlab chiqishda hamkorlik qilmoqda. Milliy strategiyalarni integratsiyalashtirgan holda, mintaqa bevosita inson va atrof-muhit farovonligini yaxshilashi hamda resurslar mojarolarini kamaytirishi mumkin.

Tadbir davomida ma’ruzachilar ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli kampaniyalar haqida hikoya qildilar, shuningdek, “Qishloq xo‘jaligi innovatsiyalari va barqaror yer boshqaruvi orqali oziq-ovqat xavfsizligini oshirish”, “Ekologik xavflarni kamaytirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini boshqarish” va “Barqaror rivojlanishga erishish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transchegaraviy hamkorlik va integratsiyani mustahkamlash” kabi mavzularda muloqot uyushtirdilar.

Panel sessiyasi yakunida ishtirokchilarga O‘zbekistonning oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanishni tiklash va iqlim moslashuviga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi. Mazkur tadbir iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror yer boshqaruvi sohalarida yanada samarali strategiyalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Foydali manbalar