COP28: O‘zbekiston yashil ta’lim bo‘yicha xalqaro darajadagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
11.
12. 2023
14:41
1759
Yangiliklar

Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtayotgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasi (COP28) doirasida UNESCO o'zining birinchi yuqori darajadagi yillik sessiyasini o'tkazdi. Tadbirda Marokash malikasi Lalla Hasna, UNESCO Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha yordamchisi Stefaniya Jannini, IPCC (Iqlim o'zgarishi bo'yicha hukumatlararo guruh) vakili Diana Yurge-Vorsats, UNICEF vakili Robert Jenkins va boshqa taniqli vazirlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Ta'kidlash joizki, yuqori darajadagi tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ham taklif qilindi. Bu O‘zbekiston Respublikasida ekologik ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ijobiy o‘zgarishlarning jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilayotganligidan dalolatdir.

Tadbirda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatimiz milliy qonunchiligini atrof-muhitni muhofaza qilishning jahon standartlariga muvofiqlashtirish borasida erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidladi. 

“O‘zbekiston yashil ta’lim bo‘yicha xalqaro darajadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga harakat qilmoqda. Biz bu borada o‘z pozitsiyamizga sodiqmiz va mintaqaviy strategiyaga munosib hissa qo‘shishda davom etamiz”, — dedi vazir. 

Tadbirda O‘zbekistonda yoshlarni iqlim bo‘yicha harakatlarga jalb etish va barqaror maktab infratuzilmasini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi. Xususan, “Eko-school” loyihasining muvaffaqiyati alohida qayd etildi.

“Hukumatimiz tomonidan ekologik ta’limni kuchaytirish asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olingan. Atrof-muhit muammolarini samarali hal qilish va mintaqada ekologik muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan “Central Asian Green University” (Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti)ning tashkil etilishi ham bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi”, — dedi A. Abduhakimov. 

Vazir, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan o‘tkaziladigan bo‘lajak global ekologik tadbirlar, jumladan, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP 14) tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi va UNESCO Bosh Assambleyasi haqida ma’lum qildi.

Qolaversa, tadbir davomida A. Abduhakimov Stefaniya Jannini bilan O‘zbekistonning ekologik ta’limni yanada rivojlantirish borasidagi pozitsiyasini muhokama qildi. Vazir mamlakatimiz GEP dasturi doirasidagi xalqaro hamkorlikdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Dastur O'zbekistonning ta'limni o'zgartirish va global miqyosda ekologik xabardorlikni oshirish istagini ifodalaydi.

Ta’kidlash joizki, global ta'lim tizimi iqlim o'zgarishi bo'yicha ta'limni o'quv dasturiga integratsiyalashda katta muammoga duch kelmoqda. UNESCO bu borada 100 ta davlat o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Natijalar shuni ko'rsatdiki, so‘rovnomada qatnashgan davlatlarning yarmiga yaqini o'z milliy ta'lim tizimida iqlim o'zgarishi mavzusiga e’tibor qaratmagan. 

Bundan tashqari, aksariyat o'qituvchilar iqlim o'zgarishi haqida ta'lim berish muhimligini tan olishsa-da, ularning 30 foizdan kamrog'i mavzuni o'zlarining mahalliy kontekstida muhokama qilishga tayyor. Bu bo'shliq yoshlarning aksariyati iqlim o'zgarishini to'liq tushuna olmasligi yoki tushuntira olmasligiga olib kelmoqda.

Iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda ta'limning muhim rolini e'tirof etgan holda, xalqaro sa'y-harakatlar faollashmoqda. Glazgoda boʻlib oʻtgan COP26'da iqlim oʻzgarishi va taʼlim boʻyicha birinchi vazirlar sessiyasi muhim qadam boʻldi, unda 27 ta davlat iqlimga qarshi kurash boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish majburiyatini oldi. Bu COP27 tadbirida esa 2025-yilga kelib iqlim oʻzgarishi boʻyicha taʼlimni asosiy oʻquv dasturlariga kiritish masalasiga e'tibor qaratildi.

Ma’lumot uchun, BMTning Ta'limni o'zgartirish sammitidagi Yoshlar deklaratsiyasiga javoban boshlangan "Yashil ta'lim bo'yicha hamkorlik" (GEP) loyihasi har bir talabani iqlim muammolariga tayyorlashga qaratilgan hamkorlik platformasidir. U to‘rtta asosiy yo‘nalishga qaratilgan: maktablarni ko‘kalamzorlashtirish, o‘quv dasturlari, o‘qituvchilar malakasini oshirish va jamoatchilik ta’limi. Ayni damda 82 dan ortiq aʼzo davlatlar va 1100 dan ortiq hamkorlarga ega bo‘lgan GEP global va milliy darajada taʼlimni oʻzgartirish uchun harakatlantiruvchi kuch sifatida eʼtirof etilmoqda

Foydali manbalar