Yangi tahrirdagi Konstitutsiya aholi manfaatlarini to‘liq ifodalaydi
05.
12. 2023
18:29
1228
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. 

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi kotibiyati rahbari Qadamboy Saytov, vazir maslahatchisi Matnazar Elmurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ekologik partiya fraksiyasi a'zolari Navro‘zbek Yusupov va Mohira Xodjayeva, shuningdek, vazirlikning hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ekologik partiya fraksiyasi a'zolari O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarishlar haqida fikr bildirishdi.

"Asosiy maqsad xalq manfaatlarini yanada ko‘proq ifodalashdir. Kiritilgan moddalarda aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish, jamoatchilikni atrof-muhit sohasidagi o‘zgarishlardan vaqtida boxabar qilish ko‘zda tutilgan, — dedi Navro‘zbek Yusupov. — Xususan, 49-moddada "Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega" ekanligi qonunan mustahkamlab qo‘yilgan".

Tadbir davomida Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar bejizga emasligi, har bir moddada aholi manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilgani alohida ta'kidlandi. Shuningdek, yangi moddalar batafsil sharhlab berildi. 

"Har bir o‘zgarish fuqarolarning xohish-istagidan kelib chiqib amalga oshirildi. Jamoatchilik fikri o‘rganildi, — dedi Mohira Xodjayeva. — Chunki bu davlatimizning bosh qomusi bo‘lmish Konstitutsiyamiz har tomonlama mukammal, xalqchil bo‘lishini ta‘minlaydi".

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlatimiz farovon kelajagi uchun mustahkam asos bo‘lib qilishi ta'kidlandi.

Foydali manbalar