Central Asian Green University'ga hujjat topshirishga shoshiling!
27.
11. 2023
16:50
1635
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi UP-81-son Farmoni va PQ-174-son qaroriga muvofiq mahalliy, mintaqaviy va global ekologik muammolarni samarali boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekistonning ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha innovatsion gʻoyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o'rganish universiteti (Central Asian Green University) tashkil etilgan. 

Universitetdagi o‘quv jarayoni nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda olib borilishi ko'zda tutilgan. Universitet bitiruvchilari besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan Milliy kadrlar zaxirasiga – o‘z mutaxassisligi bo‘yicha rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi. 

Universitetda o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida ingliz tilida olib boriladi. O‘quv dasturi jahon amaliyotida qo‘llaniladigan eng samarali tizimga asoslanadi: birinchi yilda talabalar Foundation Year dasturi (Bazaviy dastur), keyingi uch yilda "Bachelor's Degree" (bakalavr) bo‘yicha tahsil oladi. O'qishni davom ettirmoqchi bo'lganlar magistratura uchun ro'yxatdan o'tishlari tavsiya etiladi. 

Bakalavr yo'nalishlari:
• Atrof-muhit va barqaror boshqaruv;
• Ekologiya va iqtisodiyot;
• Ekologiya va davlat boshqaruvi.
 
Magistrlik yo'nalishlari:
• Ekologik qonunchilik;
• Ekologik jurnalistika;
• Barqaror rivojlanish;
• Barqaror moliyalashtirish.

Har yili Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqish uchun kamida 25 ta grant oʻrinlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va shartlarda magistratura va doktoranturada (PhD) kamida 20 ta grant oʻrinlari ajratiladi.

2023-yil 1-sentabrdan boshlab Central Asian Green University'ning eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining stipendiyasi ta’sis etilmoqda.

Toshkent viloyatidagi 16 gektarga yaqin hududni egallagan "Dendropark"da joylashgan Central Asian Green University talabalarga yashil maydonlar va dam olish maskanlariga ega go‘zal kampus muhitini taqdim etadi. Universitetning haykaltaroshlik bog‘i san’at, ilm-fan va tabiatni o‘zida mujassam etgan noyob ko‘rgazma hisoblanadi.

Central Asian Green University'ga universitetning rasmiy sayti orqali ariza topshirishingiz mumkin:
https://greenuniversity.uz/

Foydali manbalar