Ibrohim Tiau Orol dengizining qurigan tubida choʼllanishga qarshi kurash borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi
21.
11. 2023
22:54
3105
Yangiliklar

BMTning choʼllanish toʼgʼrisidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʼrib chiqish qoʼmitasining 21-yigʼilishi doirasida BMT Bosh kotibi oʼrinbosari, choʼllanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau Qoraqalpogʼiston Respublikasiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vaziri Аziz Аbduhakimov hamrohlik qildi.

Tashrifda UNCCD, Ekologiya vazirligi, Oʼrmon xoʼjaligi agentligi, Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti, Orolboʼyi xalqaro innovatsion markazi, shuningdek, jumladan, «Deutsche Welle» (Germaniya), «TenGerTV» (Moʼgʼuliston), «The Astana Times» (Qozogʼiston), «MIR TV» (Qozogʼiston), «BBC Uzbekistan» va boshqa xorijiy OАV vakillari ham ishtirok etdi.

Ibrohim Tiau Qoraqalpogʼiston Respublikasining Moʼynoq tumanida Orol dengizining qurib qolgan tubida oʼrmon ekish va koʼkalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi, shuningdek, bu yerdagi oʼrmonzor, Orol dengizi qirgʼogʼi, Ochiq osmon ostidagi muzeyda boʼldi. 

Аziz Аbduhakimov Ibrohim Tiauga yurtimizda Orol dengizi hududini koʼkalamzorlashtirish, choʼllanishga qarshi kurash borasida qator islohotlar amalga oshirilayotganini aytib oʼtdi.

"Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida global ekologik muammoning oldini olish maqsadida Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahnamoligida mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan keng koʼlamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz hukumati tomonidan bir qator maxsus qaror va dasturlar qabul qilinib, ularga muvofiq hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilash boʼyicha amaliy chora-tadbirlar koʼrildi, — dedi Ekologiya vaziri. — Oʼzbekiston hukumati oldida turgan asosiy muammolar aholi uchun ichimlik suvi, qishloq xoʼjaligi ekinlarini sugʼorish uchun suv yetishmasligi, shuningdek, Orol dengizi qurib qolgan tubining ochiq maydonlarida tez-tez takrorlanib turadigan qum va chang boʼronlaridir”.

Tashrif davomida Moʼynoqda daraxt koʼchatlari ekildi. Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʼyi xalqaro innovatsiyalar markazi direktori Baxitjon Habibullayev markaz tomonidan Orol dengizining qurigan tubini koʼkalamzorlashtirish borasida qilinayotgan ishlar haqida taqdimot oʼtkazdi. Shu bilan birga, bu borada qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik oʼrnatilgani va iqlimga mos oʼsimliklar yetishtirish va boshqa tashabbuslar amalga oshirilayotganligini qayd etdi. 

Qolaversa, Baxitjon Habibullayev qator istiqbolli loyihalar doirasida 100 gektar maydonda choʼlga, shoʼrga chidamli cherkez, qandim kabi oʼsimliklarning koʼrgazmali maydonchasi hamda Orol dengizining qurigan tubida 10 gektar maydonda koʼchatxona ekish koʼzda tutilganligi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, 2023-yilda UNICEF bilan hamkorlikda Oʼzbekistonda ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik koʼnikmalarini rivojlantirish maqsadida «ImkonLab» (UPSHIFT-2023) dasturi ishga tushirilganini, dastur natijasida Qoraqalpogʼiston Respublikasining uchta viloyatidan yoshlarning 20 ta loyihasi qoʼllab-quvvatlangani va 100 dan ortiq tashabbuskor yoshlarga yangi kasbiy koʼnikma va malakalarni egallashda amaliy yordam koʼrsatilganini ham qayd etdi.

Maʼlumot uchun, Orolboʼyi xalqaro innovatsiyalar markazi Shoʼrlanish sharoitida beodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA), Sintszyan Ekologiya va geografiya instituti (XIEG), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), Global yashil oʼsish instituti (GGGI), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini oʼrnatgan.

Bundan tashqari, Orol dengizining qurigan tubidagi ekotizimni tiklash davlat dasturining bosh kuratori, akademik Zinoviy Novitskiy loyihadan koʼzlangan maqsad va amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, u Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektarga yaqin maydonda allaqachon shoʼr va qurgʼoqchilikka chidamli saksovul hamda boshqa turli ekinlar ekilganini, asosiy maqsad hudud ekologiyasini yaxshilash ekanligini taʼkidladi.

«Oʼsimliklar tuproqdagi tuzlarni yoʼq qilish uchun oʼz ildizlaridan foydalanadi. Saksovul tuproq va qum zarralari tarqalishining oldini oladi, — dedi Novitskiy. — Bu oʼsimliklar karbonat angidridni yutib, atrof-muhitga kislorod chiqaradi. Yaʼni havo tozalanadi. Saksovul butasi bir tonnagacha zaharli qum va tuzni ushlab turishi mumkin».

Taʼkidlash joizki, 2018–2022 yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,6 million gektar maydonda choʼl oʼsimliklari urugʼini ekish va koʼchatlar oʼtqazish yoʼli bilan «yashil qoplama» yaratildi. Bundan tashqari, 6,4 ming tonna himoya oʼrmon koʼchatlari oʼtqazildi. Oʼrmon plantatsiyalarini sifatli koʼchatlar bilan taʼminlash maqsadida oʼrmon xoʼjaligi tomonidan har yili 100 gektar maydonda saksovul pitomniklari tashkil qilinmoqda.

Foydali manbalar