"Gender tenglik ekologik muammolarni hal qilishda muhimdir": CRIC-21 doirasida chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashda ayollarning huquqlari muhokama qilindi
17.
11. 2023
13:33
2474
Yangiliklar

BMT Konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida gender tenglik mavzusiga bag‘ishlangan yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Unda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashda xotin-qizlarning o‘rni, yer resurslaridan foydalanishda gender tenglikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. 

“Statiskaga qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda yer yuzida og‘ir mehnat bilan shug‘ullanayotganlarning ko‘p qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Ammo ular yer resurslarining juda kam qismiga egalik qilishadi. Bugungi sessiya aynan ana shu gender notenglikka chek qo‘yish, xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlashga bag‘ishlangan, — dedi BMTning cho'llanishga qarshi kurash to'g'risidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Kseniya Sklenlon. — Gender tenglik qurg‘oqchilik, ocharchilik va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashda barqaror, progressiv va mazmunli harakatlarni amalga oshirish uchun juda muhimdir. Maqsadimiz ayollarning aynan yer yuzidagi sog‘lom hayotni saqlab qolish borasidagi vakolatlarini kengaytirishdir”.

Tadbir davomida gender tengsizlik ayollarning resurslardan foydalanishlariga, bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashlariga to‘sqinlik qilishi alohida ta’kidlandi. Gender tenglik esa o‘z navbatida xotin-qizlarga tuproq yemirilishini saqlab qolish, daraxt ekish kabi barqaror yerni boshqarish amaliyotiga sarmoya kiritish imkoniyatini berishi qayd etildi.

Shuningdek, dunyo bo‘yicha yerga teng egalik huquqi yo‘qligi, resurslar, axborot, texnologiyalar va moliyaviy xizmatlardan foydalanish hamda qarorlar qabul qilishda ayollar ma’lum to‘siqlarga duch kelayotganli, shuning uchun ham chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashish va yer degradatsiyasini to‘xtatish uchun genderga mos va genderni o'zgartiruvchi chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.

“Cho‘llanishning oldini olishda suvni tejash juda muhim hisoblanadi. Suvni esa, asosan, ayollar tejaydi. Qolaversa, ekologik muammolarni bartaraf etish uchun yechim izlayotgan olimlar orasida xotin-qizlarning soni ortib bormoqda. Bugun ayollar ilmiy izlanishlar o‘tkazib, qurg‘oqchilik, ocharchilik, yerlarning degradatsiyaga uchrashi kabi muammolarga qarshi o‘rinli yechimlar taklif qilishmoqda, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti biologik xilma-xillikni saqlash laboratoriyasi boshlig‘i Adolat O‘rinova. — Xususan, bizning institutimizda ham olima ayollar cho‘llanish, yer degradatsiyasining oldini olish, Orolning qurigan tubida cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekish, ko‘paytirish borasida ilmiy izlanishlar olib borishyapti”.

Tadbir davomida ayollarning, ayniqsa, qishloqlarda yashovchi xotin-qizlarning yerdan teng foydalanishi va egalik qilishini yanada rag'batlantirish va bu boradagi xavfsizligini yaxshilashga muhim ekanligi qayd etildi. Yakunda ekologik muammolarni bartaraf etishda gender tenglikni ta‘minlash borasidagi chora-tadbirlarni izchil davom ettirish, bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Foydali manbalar