23-oktyabr — Xalqaro qor qoploni kuni!
23.
10. 2023
11:00
2888
Yangiliklar

Shu kuni dunyoning ko'plab mamlakatlarida qor qoploni va uning ekotizimlarini saqlashni targ'ib qilishga qaratilgan ekologik va ma'rifiy tadbirlar o'tkaziladi.

Qor qoploni, qor leopardi yoki irbis — Markaziy Osiyo tog'larida yashovchi mushuksimonlar oilasiga kiruvchi yirik yirtqich sutemizuvchi hisoblanadi. Qor qoploni faqat sovuq iqlim sharoitida yashaydigan oilaning yagona a'zosi. Mahalliy keng tarqalgan kichik tur bo'lib, butunlay yo'q bo'lib ketish arafasida. O'zbekiston Qizil kitobiga va TMXI qizil ro'yxatiga kiritilgan.

Ta'kidlash joizki, qor qoploni 2024-yil 12–17-fevral kunlari Samarqand shahrida birinchi marta bo'lib o'tadigan yovvoyi hayvonlarning ko'chib yuruvchi turlarini saqlash bo'yicha Konvensiya (CMS COP14) tomonlari konferensiyasi 14-yig'ilishining ramzi sifatida tanlangan.



CMS COP14 logotipida Markaziy Osiyo yodgorliklarining mashhur plitkalarini eslatuvchi naqsh bilan bezatilgan qanotli qor qoploni tasvirlangan. Bu hayvon O'zbekistondagi biologik xilma-xillikning asosiy turlaridan biri bo'lib, 12 mamlakat hududida tarqalgan. Qudratli yirtqich Samarqandning afsonaviy ramzi bo'lib, butun mamlakat bo'ylab "Sherdor" madrasasidan O'zbekiston milliy banknotalarigacha keng tarqalgan.

Xavotirli tomoni, so'nggi o'n yilliklarda qor qoplonining soni tobora kamayib bormoqda. Bugungi kunda yovvoyi tabiatda atigi 2700-3300 ta qor qoploni yashaydi (manba: TMXI yo'qolib ketish xavfi ostida bo'lgan turlarning qizil ro'yxati). Hozirgi vaqtda O'zbekistonda qor qoplonlarining umumiy soni turli hisob-kitoblarga ko'ra 30-50 tadan 80-120 tagacha. Gʻarbiy Tyan-Shanda 10–15 tadan 30–40 tagacha, Pomir–Oloyda – 20–30 tadan 50–80 tagacha qor qoploni qayd etilgan.

Qor qoplonini ovlash qatʼiyan taqiqlangan. Hisor, Zomin, Chotqol qoʻriqxonalari va Ugom-Chotqol milliy tabiat bogʻida muhofaza ostiga olingan. SITESning I Ilovasiga kiritilgan.

Foydali manbalar