Toshkentda qurilish munosabati bilan 500 dan ortiq daraxtni koʻchirish masalasi muhokama qilindi      
27.
09. 2023
14:56
2700
Yangiliklar

Jamoatchilik eshituvida Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani hududidagi Bobur koʻchasini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti bilan bogʻlaydigan hamda S.Tolipov koʻchasiga tutash yoʻl oʻtkazgichlar qurilishi loyihasi doirasida daraxtlarni koʻchirish masalasi muhokama qilindi. 

Tadbirda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ishtirok etib, bu masalaga yechim topishda jamoatchilik fikri ustuvor ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi va barcha tomonlarni tinglashni taklif qildi. 

Taqdimotga koʻra, loyiha doirasida daraxtlarni koʻchirish boʻyicha “Koʻprik qurilish” aksiyadorlik jamiyati tomonidan, Davlat xizmatlari markazi orqali Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasiga murojaat kelib tushgan.  Mazkur loyihaning birinchi bosqichi 2023-yil noyabr oyida yakunlanishi va yoʻl harakati qisman yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

Eshituv davomida ayni paytdagi yoʻl oʻtkazgich sutkasiga 36 000 ta avtomobil oʻtkazish quvvatiga ega boʻlib, amalda soatiga 1500 ta avtomobil harakati uchun xizmat koʻrsatishi aytildi. Qurilayotgan yoʻl oʻtkazgich esa soatiga 6 000 ta avtomobil oʻtkaza olishi, ya'ni sutkasiga 144 000 ta avtomobil harakatini ta'minlay olishi ta'kidlandi. Bu esa tirbandlikning oldini oladi hamda havoga chiqadigan chiqindi gazlarini 4 barobargacha kamaytiradi.

Maʼlumot uchun, dastlab 1,4 mingta daraxt va butalarni koʻchirish rejalashtirilgan, chunki loyiha xiyobon hududining bir qismini ham oʻz ichiga olgan. Loyiha dizayni oʻzgargach esa koʻchirilishi kerak boʻlgan daraxtlar soni kamaygan. Ayni damda birinchi bosqichda 69 ta daraxtni koʻchirish rejalashtirilgan, jami esa 500 dan ortiq daraxt koʻchirilishi mumkin. Har bir koʻchirilgan daraxt uch yil davomida parvarish qilinadi.

Eshituv davomida OAV vakillari mutasaddilardan oʻz savollariga javob olishdi va joyiga chiqqan holatda vaziyatni oʻrganishdi.

Jamoatchilik muhokamalarida har bir ko‘chirilgan daraxt o‘rniga 10 tupdan ko‘chat o‘tqazilishi, ular maxsus o‘g‘itlar yordamida parvarishlanishi aytib o'tildi. Rasul Kusherbayev bu jarayonni Ekologiya vazirligi nazorat qilishini ta'kidladi.

Foydali manbalar