Toshkent viloyatida zararli uran qoldiqlari bartaraf etilmoqda
11.
09. 2023
12:32
2795
Yangiliklar

Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) Assambleyasi yig‘ilishi doirasida 8–9-sentabr kunlari Angren va Yangiobod shaharlarida sobiq uran konlarini bartaraf etishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi. 

Unda  Ekologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, ERH, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Vengriya, Latviya diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Niderlandiya, Ruminiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, AQSH, Qirgʻiziston va Tojikiston respublikalari vakillari ishtirok etdi.



Tadbir davomida ishtirokchilar Angren shahridagi 42-umumta’lim maktabi va Yangiobod shahridagi “Trekking” oromgohida bo‘lib, BMTTD va YXHT loyihalari natijalari bilan yaqindan tanishdilar, shuningdek, jamoatchilik faollari, talabalar va kichik grantlar dasturi g‘oliblari bilan uchrashdilar. Shuningdek, 42-umumta’lim maktabi hududida tashrif ishtirokchilari Angren shahar hokimligi vakillari bilan birgalikda daraxt ko‘chatlari ekishdi.

“Ekologiya vazirligi bilan sobiq uran konlarini yo‘q qilish bo‘yicha dasturimiz bor. Biz Yangioboddamiz, chunki bu yerda qayta tiklanadigan ko‘plab tarixiy uran konlari saqlanib qolgan, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian. – Vazifamiz murakkab, ammo shu yerda yashayotgan aholi, bolalar manfaati uchun buni qilishimiz shart”.

Bundan tashqari, tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan viloyat aholisi va mehmonlari uchun xavfsizlik asoslari ko‘rsatilib, “Yashil patrullar” loyihasi taqdim etildi.

“Bu maktabda tahsil olayotgan bolalarning radiatsiyaviy xavfsizlik asoslarini bilishlari ular uchun foydalidir. Ular konlarga kira olmasligini va u yerda radiatsiya kuchayishini bilishadi. Biz ularning bu boradagi savodxonligini oshirish bilan shug'ullanamiz, shu tufayli ular shaxtalar yaqinida tasodifiy tosh yoki metall olib ketmasliklari kerakligini bilishadi, - dedi gid va jamoat faoli Alekseeva E. - Bu yerda bizda radiatsiyani o'lchash uchun zarur asboblar bilan jihozlangan laboratoriya mavjud. Farzandlarimiz undan mohirlik bilan foydalanmoqdalar”.

Tadbir davomida delegatsiya Yangiobod shahridagi sobiq uran konlari – “Рудный двор” va “Kattasoy”, shuningdek, Angren shahridagi "Бедной руды" va "Вскрышных пород" uchastkalarida bo‘lib, meliorativ ishlar va bu sohada uran qazib olish oqibatlarini bartaraf etish borasidagi ishlar natijalari bilan tanishishdi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi sobiq uran qazib olingan maydonlarni rekultivatsiya qilish Yevropa Ittifoqi (YI) tashabbusi bilan tashkil etilgan va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan boshqariladigan Markaziy Osiyo Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) ajratilgan 9 million yevro miqdoridagi grant ko‘magida davom etmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ERH doirasida bunday reabilitatsiya tadbirlari o‘tkazilayotgan ikkinchi davlatdir.

Grant mablagʻlari aniqlangan konlarni yopish, uran rudasini qayta ishlash uchun foydalanilgan tashlandiq obyektlarni buzish, shuningdek, Yangiobod va Chorkesar konlaridagi chiqindi jinslarning alohida maydonlarini rekultivatsiya qilishga yoʻnaltiriladi.

“Markaziy Osiyo Ekologik reabilitatsiya hisobining maqsadi — uran qoldiqlari muammolarini hal qilishda Markaziy Osiyoga yordam berish. Biz uch davlatda – Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekistonda ishlaymiz. Bugun O‘zbekistondagi eng yirik uran qazib olish maydonchalarini yopish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni baholash uchun shu yerdamiz”, — dedi YTTB vakili Ester Hollander.

Hozirda ERH Markaziy Osiyodagi yettita uran qoldiqlari obyektlaridan beshtasini rekultivatsiya qilish uchun mablagʻ ajratdi (ulardan ikkitasi Oʻzbekistonda va uchtasi Qirgʻiz Respublikasida). ERH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan tadbirlar 15 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysi daryolari tizimiga zaharli moddalar kirib kelishining oldini olishga yordam beradi.

"Loyiha 2025-yilning mart oyida tugaydi. Uran konlarining barcha ish joylari hududi xavfsiz holatga keladi", — dedi loyihaning qurilish muhandisi, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi V.P.Kupchenko.



Ta’kidlash joizki, loyiha tugallangach, sobiq uran konlari hududlari ommaviy turizm uchun ochiq bo‘ladi, bu esa, shubhasiz, mintaqaga keladigan turistlar oqimi va mahalliy aholi farovonligini oshiradi.

Foydali manbalar