Toshkentdagi ERH Assambleyasi yigʻilishida sobiq uran konlarini rekultivatsiyalash masalalari muhokama qilindi
07.
09. 2023
17:14
2107
Yangiliklar

7-sentabr kuni "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERA) Assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.



Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) Assambleyasining raisi Adriaan Van der Meer, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi, Qirg‘iz, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov eski uran shaxtalari va kimyoviy qoldiqlarni bartaraf etish muhim vazifa ekanligini ta'kidladi.

"Bu loyiha O‘zbekistonda ekologik jihatdan xavf yuqori bo‘lgan hududlarni tartibga solishga qaratilgan. Mazkur hududlardagi eski uran shaxtalarini bartaraf etib, infrostrukturasini yaxshilashni maqsad qilganmiz, — dedi A. Abduhakimov. — Shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan kimyoviy qoldiqlarni yo'q qilish va boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik".

Yig‘ilishda ishtirokchilarga sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish bilan bog‘liq rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kelgusi yil uchun maqsadlar muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ERHning benefitsiari bo‘lib, Strategik bosh rejada ustuvor obyektlar sifatida belgilangan Toshkent va Namangan viloyatlaridagi sobiq uran konlari obyektlarini rekultivatsiya qilish rejalashtirilgan. 

Tadbir doirasida 8–9-sentabr kunlari Yevropa ittifoqi davlatlari vakillari, shuningdek, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Vengriya, Latviya, Ruminiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, AQSh diplomatik vakolatxonalari rahbarlari sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish ishlari bilan tanishish maqsadida Yangiobod shahriga tashrif buyurishadi.

Tadbir doirasida atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish maqsadida diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, ERH, Yevropa komissiyasi, Xalqaro atom energiyasi agentligi, EXHT, BMTTD, Qirg‘iz va Tojikiston Respublikasi vakillari ishtirokida Angren shahridagi 42-sonli maktab hududida mahalliy hokimiyat organlari bilan daraxt ko‘chatlari ekiladi. 

Shuningdek, Yangioboddagi sobiq uran konlariga tashrif, uran obyektlarining rekultivatsiya qilinayotgan qurilish maydonchalarida bajarilayotgan ishlar, ish joylarda radiatsiya holatini va ishlarni atrof-muhitga ta‘siri bilan tanishish ham rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi ERH doirasida ishlarni tashkil etish bo‘yicha mas'ul davlat organi etib belgilangan. Ekologiya vazirligi va YETTB o‘rtasida "Yangiobod va Chorkesar-2 uran merosi obyektlarini rekultivatsiya qilish" Grant bitimi imzolangan. Rekultivatsiya ishlari olib borilmoqda. Obyektlarni rekultivatsiya qilish ishlarini 2025 yilga qadar yakunlash kutilmoqda.

Foydali manbalar