Oltinsoyda 61 ta qimmatbaho navli daraxtlar kesib tashlandi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
26.
08. 2023
11:16
2865
Yangiliklar

Tuman hokimligi mas'ul xodimi daraxtlarni kesishga ruxsat so‘ragan, ammo Ekologiya bo‘limi inspektorlari ruxsat berishmagan va daraxtlarni noqonuniy kesish javobgarlikka sabab bo‘lishini ta'kidlashgan.

Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumani hokimligining mas'ul xodimi “Mirshodi” mahallasi hududidan o‘tuvchi, Oltinsoyni  Denov tumani bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘lini kengaytirish, ushbu yo‘ldagi  “Qora ariq” ko‘prigini rekonstruksiya qilish maqsadida yo‘l yoqalarida mavjud bo‘lgan ko‘p yillik daraxtlarni kesib olish uchun tuman Ekologiya bo‘limidan og‘zaki tarzda ruxsat so‘ragan.  

Oltinsoy tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan holat joyiga borib o‘rganilib, hududda mavjud bo‘lgan daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan. Daraxtlarni kesishga ruxsat berilmagan va noqonuniy ravishda kesish amaldagi qonunchilikka binoan javobgarlikka tortilishi alohida tushuntirib o‘tilgan. 

Ammo, shunga qaramasdan, kechqurun hududda mavjud bo‘lgan, o‘suvchanligini yo‘qotmagan 61 ta qimmatbaho navli daraxtlar  (2 tup chinor, 54 tup virgin archasi), manzarali daraxtlar,  6 tup kam qimmatli daraxtlar (2 tup terak, 4 tup tol) tag qismi bilan kesib tashlangan. 

Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasining tezkor guruhi shu kunning o‘zida voqea joyiga yetib borib, holat yuzasidan bayonnoma tuzildi. 

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu noqonuniy harakat oqibatida o‘simlik dunyosiga  293 million 700 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirgi kunda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz moratoriy e'lon qilingan.

Foydali manbalar