"EduCo Fest" birinchi yoshlar festivali qanday o'tdi?
19.
08. 2023
15:15
3303
Yangiliklar

2023-yil 18-avgust kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi markaziy istirohat bog‘ida (sobiq Telman bog‘i) ilk bor "EduCO Fest" yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ekologiya sohasida sifatli ta’limni targ‘ib qilish va O‘zbekiston hamda butun dunyoda mehnat bozorida ushbu kasbga talab yuqori ekanligini namoyish etishdan iborat.

Festival Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti ("Green University") tomonidan tashkil etildi.

"EduCO FEST" – taʼlim va ekologiyaning uyg'unlashuvi boʻlib, uning maqsadi Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo yoshlari uchun qiziqarli, istiqbolli va ommabop yoʻnalish sifatida ekologiya sohasidagi taʼlimni ommalashtirishdan iborat.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzade, Misrning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Amira Fahmi, faol yoshlar, xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.



– Nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoda ham ekologik muammolar ko‘p. Biroq, bu ham sizdek iqtidorli yoshlar uchun imkoniyatdir. Imkoniyatlaringizdan nafaqat faol, balki professional sifatida ham foydalaning, kelajakda eng ko‘p talab qilinadigan sohalarda fundamental ta’lim oling. Jahon iqtisodiy forumiga ko‘ra, ekologiya eng yuqori haq to‘lanadigan va istiqbolli yo‘nalishlardan biridir, — dedi tadbirda nutq so'zlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Suna Park ham ma’rifiy festivalning yoshlar uchun ahamiyati haqida gapirdi.

- Bunday festivallar odamlarni birlashtiradi. Bugun biz qisqa taqdimot va ma’ruzalarni musiqiy dastur bilan birlashtirib, odamlar yangi narsalarni o‘rganishi uchun ish o‘rinlari burchagini yaratdik. Shuning uchun bunday ommaviy tadbirlarni tashkil etish juda foydali va samarali, - dedi Suna Park. – Ushbu festival yoshlarga ekologiya sohasining boshqa tomonlarini ham ko‘rsatishga xizmat qildi, deb o‘ylayman. Bo‘sh ish o‘rinlari hududidagi mahalliy va xalqaro kompaniyalar faol yoshlarga amaliyot o‘tash va ularga yanada ko'proq ish o'rinlari taklif qilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Tadbir doirasida "Pecha-Kucha" formatida bir qator motivatsion ma’ruzalar o‘tkazildi, unda mualliflar o‘z tajribalari va loyihalari bilan o‘rtoqlashdilar. O‘zbekiston Ko‘ngillilar uyushmasi va Yoshlar agentligi ko‘magida mamlakatimizning 4 viloyatidan ekologik loyihalar mualliflari tanlab olinib, ular xalqaro ekspertlar va tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda o‘z taqdimotlarini o‘tkazdilar. “Yashil mehnat yarmarkasi” tadbirning muhim qismi bo‘lib, unda xalqaro tashkilotlar, xususiy va davlat sektori vakillari ekologik bilimga ega mutaxassislarning kasb-hunar egallash imkoniyatlari haqida so‘z yuritdilar. UNICEF, FAO, BMTTD loyihalari, KPMG va boshqalar yoshlarga o‘z tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari va amaliyot o'tash haqida so‘zlab berishdi. "EduCO Fest" dasturi turli musiqiy chiqishlar, SWOP bozori va mahorat darslariga boy bo‘ldi. 



“Eko Zakovat” o‘yini natijasida viktorina g‘oliblariga UNICEF tomonidan taqdim etilgan planshetlar topshirildi.

Tadbirda Prezident qarori bilan 2023-yil may oyida tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti ("Green University") haqida so‘z bordi.

Ma’lumot uchun, “Green University” nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqada zamonaviy ekologik muammolarni hal etishga qodir bo‘lgan yangi formatdagi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydigan birinchi oliy ta’lim muassasasidir. Universitet o'quv dasturida fanlararo yondashuvdan foydalanadi va talabalar xalqaro ekologik huquq, ekologik jurnalistika, barqaror rivojlanish, atrof-muhitni boshqarish va menejment kabi dolzarb yo'nalishlarni o'rganish imkoniyatiga ega bo'ladilar.







Foydali manbalar