Obodonlashtirish oyligi: Sirdaryoda 290 gektar maydon 356 tonna chiqindidan tozalandi
15.
08. 2023
11:12
2052
Yangiliklar

Mustaqilligimizning 32 yillik bayramini keng nishonlash maqsadida 10-avgustdan butun respublika bo'ylab Obodonlashtirish oyligi boshlangan.

Oylik doirasida barcha hududlarda keng ko'lamli ishlar qilinmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirish ishlari, ariqlarni tozalash, daraxtlarni butash, devorlarni oqlash, koʼcha chiroqlarini tartibga keltirish, yoʼllarni taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbir doirasida birinchi navbatda hududlardagi 77 ta qabriston, 171 ta mahalla, 606 ta koʼcha, 6 ta ziyoratgohda obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Bundan tashqari, 298 ta koʼp qavatli uyning atrofi tozalandi, 95 ta chiqindixona tartibga keltirildi, 54 ta avtomobilga yoqilgʼi quyish shaxobchasi, 73 ta MFY binolari taʼmirlandi va hududlari obodonlashtirildi.

Shuningdek, 43 ta bozor va savdo majmualarini taʼmirlash, hududlarini obodonlashtirish, sanitariya va gigiyenik holatini yaxshilash ishlari olib borildi.
74 ta suv inshooti hududi tartibga keltirildi. 

Shu bilan birga, elektr energiya taʼminoti obyektlarini taʼmirlash boʼyicha hududlarda bir qator ishlar olib borildi. Jumladan, 20,1 km gaz tarmogʼi va 67 ta transformator boʼyaldi, 31 ta podstansiya tartibga keltirildi va 57 ta ustun almashtirildi.

Bundan tashqari, 40 ta bekat va 5 ta vokzal tartibga solindi. Umumiy holda 290 gektar maydon obodonlashtirilib, 356 tonna chiqindi chiqarildi. 107 km ariq va lotoklar, 30,2 km irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari tozalandi. 

Obodonlashtirish oyligi 10-sentyabrga qadar davom etadi.

Foydali manbalar