Surxondaryoda yana 2000 dan ortiq tojik kovragiga shikast yetkazildi. Zarar — 895 million 950 ming so'm
04.
08. 2023
01:03
2585
Yangiliklar

Surxondaryo viloyati Ekolgiya boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi faoliyatini o‘rganish davom etmoqda. O‘rganish davomida tojik kovragi bilan bog‘liq bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlandi. 

Jumladan, “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi “Fayzova” bo‘limining 1-A-aylanma 2-kvartal o‘rmon fondi yer maydonida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, tabiiy holda o‘suvchi 893 tup tojik kovragi o‘simligining 2–3 marotaba shirasi olinganligi, bundan tashqari, 163 tup tojik kovragi shirasini olish maqsadida dimlab qo‘yilganligi kuzatildi. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 442 million 35 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, “Fayzova” o‘rmon bo‘limining 5-aylanma 6-kvartal o‘rmon fondi yer maydonida tabiiy holda o‘sgan 830 tup tojik kovragi o‘simligi 5–6 marta kesilib, shirasi olingan. Natijada o‘simlik dunyosiga 410 million 850 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, “Fayzova” o‘rmon bo‘limi 1-aylanma 2-kvartal “Uzles” massivida tabiiy holda o‘sgan 87 tup tojik kovragi o‘simligining shirasi 2-3 marotaba kesib olinganligi, bundan tashqari, 218 tup tojik kavragi shirasini olish maqsadida dimlanganligi aniqlandi. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 43 million 65 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Yuqoridagi holatlarga huquqiy baho berish, aybdorlarni aniqlash va tegishli chora ko‘rish maqsadida hujjatlar prokuraturaga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan tojik kovragi o‘simligining yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ko‘payishini ta’minlash maqsadida moratoriy joriy etilgan. 

Foydali manbalar