Ekotizimlarga antropogen ta’sirning kuchayishi tendensiyasi dunyoning turli mintaqalarida kuzatiladi. Markaziy Osiyo hududi ham bundan mustasno emas.
Ekologlar jamiyatning tabiatga, uning noyob obyektlariga va qayta tiklanmaydigan resurslarga munosabatini o‘zgartirish zarurligi haqida tobora ko‘proq gapirmoqda. Xo‘sh, atrof-muhitga munosabatni qanday o‘zgartirish mumkin?
Albatta, tabiiy resurslardan foydalanishni qonunchilik bilan tartibga solish, suv, energiya va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarga o‘tish kabi chora-tadbirlar muhim. Ammo insonda tabiatning qadr-qimmatini tushunish, uning obyektlariga g‘amxo‘rlik qilish ko‘nikmalarini shakllantirmasdan turib, ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Bu esa, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida aholining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlarda tizimli ekologik bilimlarni, aholining ekologik madaniyatini, ekologiyaga yo‘naltirilgan dunyoqarashini shakllantirish orqaligina mumkin bo‘ladi. Mazkur murakkab vazifani hal qilish uchun ta’limning barcha bosqichlarida izchil va uzluksiz ekologik ta’lim va tarbiya tizimini yo‘lga qo‘yish zarur. Bu, eng avvalo, ta’lim muassasalarining vazifasidir. Shu bilan birga, bu oilaning va shaxsni shakllantirishda muhim o‘rin tutadigan mahalla va jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining eng muhim vazifasidir.
Ekologik muammolarning globallashuvi kuchayib borayotgan bir sharoitda fuqarolik jamiyatining ushbu institutlarini atrof-muhitni muhofaza qilishga jalb etish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning ekologik ongini shakllantirish, ta’lim muassasalarida ekologik ta’limning uzluksizligini ta’minlash va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Joriy yilning mart oyida Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan davlat organlari, korxona va muassasalar uchun ekologiya fanlari va ekologiya amaliyoti yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi universitetini tashkil etish bo‘yicha salmoqli ishlar boshlandi. Ayni paytda universitet tuzilmasi va professor-o‘qituvchilari tarkibini, laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini, kitob fondini, yangi ta’lim muassasasining o‘quv reja va dasturlarini shakllantirish bo‘yicha jadal jarayonlar davom etmoqda.
“Green University”ni tashkil etishda jahonning yetakchi ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari tajribasidan foydalaniladi, o‘qituvchilik va ilmiy faoliyatga eng yaxshi mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilarni taklif etish rejalashtirilgan.
Universitetni tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlash jarayonida mutaxassislar tomonidan Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Chexiya, Polsha, Isroil, AQSh, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya va Xitoyda tabiatni muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganildi.
Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati milliy va xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalar, fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlaridan foydalangan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash; ekologiya sohasida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun uzluksiz ta’lim tizimini yaratish, ekologiya fanining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, ta'lim jarayonlarida yetakchi ixtisoslashgan xorijiy ta’lim muassasalari tajribasini joriy etish, xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari, biznes hamjamiyatlari va xalqaro ekologik tashkilotlari bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash va boshqalar.
Universitet tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida ta’lim, fan va ishlab chiqarishni o‘zida mujassamlashtirgan o‘ziga xos ECOHAB (talaba shaharchasi), shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi tayanch oliy ta’lim muassasasiga aylanadi.
Shubhasiz, bunday ta’lim muassasasining tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasida ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasida nazarda tutilgan qator vazifalarni hal etish imkonini beradi va mamlakatimiz hamda va butun Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda kadrlar bilan ta’minlash vazifasini o‘taydi.