YeXHT konferensiyasida O‘zbekiston bilan iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
19.
07. 2023
11:33
1843
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov 2023-yil 7-iyul kuni Vena shahrida (Avstriya) bo‘lib o‘tgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YeXHT) iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiyasida qatnashdi.

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi.

Ekologiya vaziri A.Abduhakimov o‘z ma’ruzasida ishtirokchilar e’tiborini iqlim o‘zgarishining suv resurslariga ta’sir etuvchi xavflari, Markaziy Osiyo daryolarida suv oqimini kamaytirish prognozlari va suv tanqisligiga qaratdi.

Monitoring, o‘z vaqtida axborot va bilim almashish, mintaqaviy strategiyalar va moslashuv choralarini birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, yoshlar bilan ishlash, iqlim o‘zgarishi masalalarida yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy tizim zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi “Yashil universitet”ga katta qiziqish bildirdilar.

Tashrif doirasida bir qator oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, YeXHT Bosh kotibi X.Shmidt, AQSh Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerri, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Avstriya, Gruziya, Chexiya, Finlyandiya atrof-muhitni muhofaza qilish vazirliklari rahbarlari bilan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Foydali manbalar