Ekologiya vazirligida davlat tilining nufuzini oshirishga qaratilgan tadbir bo’lib o’tdi
18.
07. 2023
12:54
2110
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida davlat tilida ish yuritishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirni Ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov ochib berdi. 

Shuningdek, unda davlat tili masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi Matnazar Elmurodov, Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori In’omjon Аzimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Аzizjon Eminov, vazirlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalar xodimlari ishtirok etishdi. 

Obidjon Qudratov o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish borasida Ekologiya vazirligi oldida qator muhim vazifalar turganini alohida taʼkidladi va bu borada asos bo’lib xizmat qiluvchi hujjatlarni alohida qayd etdi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni izchil amalga oshirishda ekolog xodimlarning davlat tilida ish yuritishga doir bilim, tajriba va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish zarurati tug‘ilmoqda, – dedi O. Qudratov. – Shu munosabat bilan vazirligimiz tomonidan Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan hujjatlari ijrosini taʼminlashda o‘zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, qolaversa, Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlik qilish rejalashtirilyapti”.

Ekologiya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Matnazar Elmurodov esa vazirlikda bu yo’nalishda olib borilayotgan ishlar va hujjatlarning davlat tilida yuritilishi haqida so’z yuritib, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilishi zarurligini ta’kidladi. 



Markaz direktori Inomjon Аzimov Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi 2020-yilda tashkil etilgani va hozirga qadar vazirlik va idoralarning 20 mingdan ziyod xodimi malaka oshirganini qayd etdi. Shu bilan birga, markaz bu borada bilimini boyitishni istagan xodimlarga yordam ko’rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. 

O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Аzizjon Eminov esa lotin alifbosidagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratilishiga oid videorolikni namoyish etib,  Ekologiya vazirligiga "O‘zbek tilining izohli lug‘ati (lotin)" to‘plami, "O‘zbek xalq so‘zlari", "O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati", "O‘zbek tili frazeologik lug‘ati", "O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati" kitoblarini sovg’a qildi. 

Bundan tashqari, A. Eminov vazirlik rahbariyatiga ekologiya sohasiga oid atamalar izohli lug‘atini yaratish taklifini bildirdi. Uning bu taklifi Ekologiya vazirligi tomonidan ma’qullandi.



Foydali manbalar