Daraxtlarni kesish natijasida yetkazilgan zarar miqdori qanday aniqlanadi?
13.
07. 2023
18:20
3048
Yangiliklar

Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yoʻq qilish qonunga koʻra qat’iy jazolanadi. 

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan bunday huquqbuzarliklar uchun yetkazilgan zararni undirish miqdorlari belgilangan. 

Yetkazilgan zarar summalari bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) belgilangan  koeffitsiyentga (miqdor) nisbati bilan hisoblanadi. 

Jumladan:
—  Yoʻq qilingan yoki oʻsishdan toʻxtash darajasigacha shikastlangan har bir daraxtning tanasi yer bilan tutashgan joyidan oʻlchangan diametriga nisbatan 1 va undan ortiq;
—  Noqonuniy kesilgan saksovul, cherkez, qandim, yulgʻun va boshqa yovvoyi holda oʻsuvchi butalar hajmiga nisbatan, har 1 m3 uchun 3 va 14;
—  Oʻsishdan toʻxtamaydigan darajasigacha shikast yetkazilgan har bir daraxt va buta soniga nisbatan 1 dan 4  koeffitsiyentlargacha belgilangan. 

Bunda yoʻq qilingan, shikastlangan yoki oʻsishdan toʻxtash darajasigacha shikastlangan har bir daraxtning kam qiymatliligi yoki qimmatbaho navligi va 100 yoshdan oshgan yoki oshmaganligi inobatga olinadi.

Masalan, bir dona 100 yoshga toʻlmagan pavloniya daraxti oʻsishdan toʻxtash darajasida kesildi. Bunda daraxtning yer bilan tutash qismi (tanasining) aylanma uzunligi 65 sm, ya’ni diametri 20,7 sm.ni tashkil etdi. Pavloniya daraxti qimmatbaho navli daraxt hisoblangan. Bu holatda zarar miqdorini hisoblash  koeffitsiyenti 25 ni tashkil etadi:

Zarar = 25 x BHM = 25 x 330 000 soʻm = 8 250 000 soʻm 

Moratoriy davr uchun = Zarar x 2 = 8 250 000 x 2 = 16 500 000 soʻm

Ta’kidlash joizki, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy davrida daraxtlar va butalarga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.

Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar qimmatbaho navlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan. (https://lex.uz/docs/-4739505)

Foydali manbalar