O‘zbekistonda ilk bor GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari joriy etildi
10.
07. 2023
11:53
2001
Yangiliklar

O‘zbekiston energetika tizimida birinchi bo‘lib “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-156-sonli Qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-iyuldan boshlab yo'lga qo'yildi.

Sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi.

Ma'lumot uchun, joriy hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVtga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda, yiliga 7 mln. dona “yashil energiya” sertifikatlarini birjaga savdoga chiqarish imkoni mavjud. Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.

Ta'kidlash joizki, 2030-yilga kelib iqtisodiyotimizda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Muhim! 

“Yashil energiya” sertifikati (qayta tiklanadigan energiya sertifikatlari deb ham ataladi) quyosh, shamol, gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan maʼlum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjatdir. 

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi tomonidan spot.uzex.uz sayti orqali “yashil energiya” sertifikatlari sotuvga qo‘yib boriladi. Isteʼmolchi tomonidan sertifikatlarni xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga gidroelektr stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga mos bo‘lgan hajmda sertifikat chiqarish bo‘yicha talabnoma yuboriladi. Ushbu talabnoma asosida Jamiyat nomiga “yashil energiya” sertifikatlarining yagona elektron platformasida sertifikatlar chiqarib beriladi. Oxirgi bosqichda Jamiyat tomonidan sertifikatlar Isteʼmolchi nomiga hisobdan chiqariladi.

Unutmang!

I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni sotish mamlakatga ekologik masʼuliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda O‘zbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.

Foydali manbalar