“Yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi O‘zbekiston tajribasi alohida eʼtirof etildi
06.
07. 2023
22:46
3069
Yangiliklar

Toshkentda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiyalar va rivojlanish” mavzusidagi xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yashil taraqqiyot”: Yangi O‘zbekiston tajribasi va jahon tendensiyalari” xalqaro tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bosh direktori Boris Erg, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati “Yashil Markaziy Osiyo” dasturi rahbari Karolina Milou, Global yashil o‘sish institutining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jinxa Kim, Jahon bankining atrof-muhit bo‘yicha bosh mutaxassisi Аsferachyu Аbate, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi Rezident Koordinatori ofisida hamkorlik bo‘yicha xodimi Rusyan Jill Mamiit kabi xorijlik mutaxassislar ishtirok etishdi.

Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov O‘zbekistonda ekologiya sohasida olib borilayotgan o‘zgarishlar, “yashil taraqqiyot” sohasida Yangi O‘zbekiston tajribasiga bag‘ishlangan taqdimotini namoyish qildi.

Shuningdek, xorijlik mutaxassislar qator dolzarb mavzularga eʼtibor qaratishdi. Xususan, Boris Erg atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilmaxillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish va iqlim harakatlari sohasida hamkorlik qilish kabi masalalarga to‘xtaldi. Shuningdek, "O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimlarni tiklash", "O‘zbekistonning togʼli va vodiyli hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish", "Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklarning paydo bo‘lishiga landshaft moslashuvchanligini oshirish" kabi qo‘shma grant loyihalari doirasida hamkorlik kabi masalalarga ham eʼtibor qaratdi.

Karolina Milou “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar va tashabbuslar bo‘yicha maʼlumot berdi. Qolaversa, “Yashil Markaziy Osiyo: Markaziy Osiyo va Аfgʼonistonda iqlim, atrof-muhit va xavfsizlik masalalari bo‘yicha transchegaraviy muloqot” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

Bundan tashqari, Аsferachyu Аbate Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoning barqaror landshaftlari” (RESILAND CA+) mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ekotizimlar masalalarida muloqotni kengaytirish haqida maʼruza qildi.

Jinxa Kim esa Global Yashil O‘sish Institutining (GGGI) “Orol dengizi inqirozining taʼsirini bartaraf etish uchun Orolbo‘yi hududi uchun yashil tiklanish sarmoyasi” qo‘shma loyihasi doirasida Orolbo‘yi hududida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning ko‘lamini kengaytirish masalalariga to‘xtaldi. Shu bilan birga, Rusyan Jill Mamiit O‘zbekistonda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ishtirokida suv va yer resurslari sifatini boshqarish yo‘nalishida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

Taʼkidlash joizki, tadbir davomida butun dunyoda “yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi O‘zbekiston tajribasi alohida eʼtirof etildi. Bunda jahon standartlariga to‘liq moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilishda yana qator muhim ishlarni amalga oshirish zarur ekanligi ham taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun, “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiyalar va rivojlanish” haftaligi 7-iyulgacha davom etadi.

Foydali manbalar