"Yoshlar kuni" munosabati bilan yosh ekofaollar taqdirlandi
26.
06. 2023
10:52
2677
Yangiliklar

Toshkent botanika bogʻida "Yoshlar kuni" munosabati bilan “Tabiat bilan uyg'unlikda” shiori ostida tadbir boʻlib oʻtdi. 

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Yoshlar parlamenti raisi Shahnoza Joldasova, yosh ekofaollar, o‘quvchi-talabalar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. 

Tadbir davomida Muhammad al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabining “EcoUnion” jamoasi vakillari tomonidan qogʻozni qayta ishlash, ikkilamchi materiallardan toʻqish, akril kraskalarda shopper ustida rasm chizish  kabi mashgʻulotlar o‘tkazildi.

Qolaversa, yoshlar ishtirokida lanka, chillak kabi milliy o‘yinlar, shashka, shaxmat, stol tennisi kabi zamonaviy sport turlari bo‘yicha musobaqalar ham bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda yosh olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ekologik innovatsion loyihalar koʻrgazmasi taqdim etildi. Qolaversa, ekoblogerlar, ekofaollar, yoshlar vakillari ishtirokida master-klasslar, yoshlarda hayvonlarga mehr uygʻotishga qaratilgan chiqishlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishida samarali faoliyat olib borayotgan yoshlar alohida e'tirof etildi.

Tadbir yakunida Vazirlik hamda uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalaridagi yosh faol xodimlar, ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlari, ekoblogerlar, yosh ekofaollar, tadbirda tashkil etilgan konkurs gʻoliblari munosib taqdirlandi.

Ma'lumot uchun, tadbirdan maqsad yoshlarda tabiatga mehr uygʻotish, ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda intellektual, ijodiy salohiyatini kamol toptirishdir.

Foydali manbalar