Green University’da ilmiy va ta'lim jarayonlarini boshqarishning eng samarali tizimi yaratiladi – Aziz Abduhakimov
09.
06. 2023
11:39
2480
Yangiliklar

Bugungi kunda atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslardan samarasiz foydalanish bilan bog‘liq global muammolar barqaror rivojlanishni ta’minlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yangi formatdagi mutaxassislar va ekspertlarni tayyorlash, muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvlarni joriy etishni taqozo etmoqda.

Keyingi yillarda ekologiya sohasi O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash va boshqa sohalarda konsepsiya hamda strategiyalar qabul qilindi.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonlaridan “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning imzolanishi ham bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir, zero mahalliy, mintaqaviy va global ekologik muammolarni samarali boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishda innovatsion g‘oyalar, amaliyot va texnologiyalarni tatbiq etish – bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas talablaridan biri. 

“Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan 2023–2024-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda “Green University” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 
Oliy taʼlim muassasasi faoliyati Ekologiya vazirligi taʼsisichiligi ostida “Hub and Spoke” tamoyili asosida tashkil etilmoqda, yaʼni “Green University” xorijiy, davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston, mintaqa va jahon ilmiy markazlarini birlashtiruvchi samarali platforma yaratadi.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida o‘quv jarayoni nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi va uni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi. 
Universitet O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar, rahbarlar va tadbirkorlarni tayyorlaydi, shu bilan birga, taʼlim dargohiga qayta tayyorlash va malaka oshirish vazifalari ham yuklangan.
Yangi universitetda jahonning yetakchi “yashil” universitetlari tomonidan qo‘llanuvchi ilg‘or taʼlim dasturlari joriy etiladi. 
Bundan tashqari, “Green University”da ilmiy va taʼlim jarayonlarini boshqarishning eng samarali tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Buning uchun xorijdan tajribali ekspertlar jalb etiladi va xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarni egallagan “yashil” universitetlar bilan yaqindan hamkorlik qilinadi. 
“Green University” faoliyati bilan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmon xo‘jaligi va gidrometeorologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish uchun uzluksiz taʼlim tizimini, shuningdek, boshqaruv xodimlari uchun maxsus taʼlim dasturlarini yaratish ko‘zda tutilgan. 
Universitetda o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida olib borilib, maʼruza, laboratoriya va individual mashg‘ulotlar, amaliy ishlar bo‘yicha guruhlarda ishlash, tanqidiy fikrlash, masalani yechish va tajribalar yordamida amalga oshiriladi. 
Shunisi diqqatga sazovorki, yangi universitetda talabalarga birinchi kursdan boshlab – ishlab chiqarish va ilmiy markazlarda, magistrantlarga esa “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida o‘qishni davom ettirish va nufuzli xorijiy kompaniyalarda malaka amaliyotini o‘tash imkoniyati beriladi. 
“Green University” bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy taʼlim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining oliy boshqaruv organi Vasiylik kengashi hisoblanib, u oliy taʼlim muassasasining rivojlanish strategiyasi, siyosati va faoliyatining umumiy boshqaruvini tasdiqlaydi. 
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, yangi qaror bilan Universitet tuzilmasida Etnoekologiya ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, u Buxoro shahrida joylashadi. 
Bundan tashqari, 2023-yilning 1-sentyabridan boshlab oliy taʼlim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalar uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi taʼsis etiladi. Bunda to‘lov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarning bir yillik to‘lov-kontrakt summasi qoplanib, har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarida, davlat granti asosida taʼlim olayotgan talablarga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravarida stipendiyalar tayinlanadi.

Foydali manbalar