“Technovation Girls Uzbekistan” dasturi ishtirokchilari eng yaxshi ekologik loyihalar uchun taqdirlandi
01.
06. 2023
13:05
1665
Yangiliklar

2023-yil 30-may kuni Tech4Impact nodavlat tashkiloti tomonidan har yili oʻtkaziladigan “Ayollar fan va texnologiya” haftaligi doirasida “Qizlar in STEM kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir dasturning uzoq muddatli hamkori bo‘lgan va har yili ekologik muammolarga ijodiy yechim topayotgan jamoalarni taqdirlaydigan Tabiiy resurslar vazirligi ko‘magida o‘tkazildi.

Tadbirda jamoalar ishtirokchilari va murabbiylarining dastur doirasidagi 4 oylik faoliyati yakunlari sarhisob qilindi. 12 haftalik dasturda dasturlash, marketing, biznes ko‘nikmalari, sun’iy intellektdan foydalangan holda ijtimoiy mobil ilovalarni ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalardagi loyihalar bo‘yicha 78 ta jamoa ishtirok etdi.

Trening va seminarlar Toshkent, Nukus, Farg‘ona shaharlarida va onlayn formatda o‘tkazildi. Ishtirokchilar turli sohalardagi texnologiyalar yordamida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni, jumladan, ekologik muammolarni hal qilish yo‘llarini o‘rgandilar.

Tadbir yakunida Tabiat resurslari vazirligi tomonidan SUPME (Samarqand), Sphaera (Toshkent), Future liderlar (Rishton), Valetta (Nukus) jamoalari eng yaxshi ekologik loyihalar nominatsiyasi uchun maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ular orasida chiqindilarni saralash, atmosfera havosining ifloslanishini monitoring qilish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, quyosh energiyasidan foydalanish kabi masalalarni hal etish g‘oyalari o‘rin olgan.

2023-yil 1-iyun kuni “Technovation Girls” xalqaro hakamlar hay’ati O‘zbekistondan xalqaro tanlovda ishtirok etishda davom etadigan bir nechta jamoalarni aniqlaydi.

Ma’lumot uchun, “Technovation Girls” – qizlar o‘rtasida har yili dunyoning 160 ta davlatida o‘tkaziladigan xalqaro texnologiya tanlovi. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad ishtirokchilarda “moslashuvchan” ko‘nikmalarni shakllantirish, qizlarni IT-texnologiyalarga, IT-sohasida biznes va tadbirkorlikka qiziqtirishdan iborat.

Foydali manbalar