BMT bosh qarorgohida Aziz Abduhakimov va BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashi prezidenti Lachezara Stoeva o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
12.
05. 2023
15:59
2122
Yangiliklar

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi (EKOSOC) Prezidenti Lachezara Stoyeva bilan uchrashdi.

Uchrashuvda BMT Kengashi Prezidentiga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qarorlar qabul qilishda faol fuqarolik jamiyati rivojlantirilayotganligi, gender tenglik ta’minlanayotganligi va yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilayotganligi borasida ma’lumot berildi. Ta’kidlash joizki, gender tenglik va davlat boshqaruviga yoshlarni jalb qilish BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (2030-yil) erishishda ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

O‘z navbatida Stoyeva xonim Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, ekologik va iqlim muammolarini birgalikda hal etish, shu orqali xalqaro maydonda mintaqaviy yaxlitlikka intilishlarini qo‘llab-quvvatladi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning EKOSOC Fan va texnologiyalarni rivojlantirish komissiyasiga a’zo etib saylangani ham mamlakat, ham butun mintaqa tashabbuslarini ilgari surish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda, shuningdek, ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Markaziy Osiyo ekologik tadqiqotlar va iqlim o‘zgarishi universitetining ochilishi ham alohida e’tirof etildi.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Stoyeva xonim Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning uchta yirik tadbiri – choʻllanish boʻyicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.

Foydali manbalar