Global yashil o'sish instituti bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
08.
05. 2023
12:22
2179
Yangiliklar

Tabiat resurslari vazirligida  vazir o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hamda Global yashil o'sish instituti (GGGI - Global Green Growth Institute)ning Osiyo bo'yicha mintaqaviy direktor o'rinbosari va rivojlanayotgan mamlakatlar departamenti rahbari Dr. Jason Lee o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Ta'kidlash joizki, hozirda Global yashil o‘sish instituti (GGGI) ning Markaziy Osiyodagi yagona ofisi O‘zbekistonda ochilgan bo‘lib, Tabiat resurslari vazirligida faoliyat ko‘rsatmoqda. 

GGGI yashil investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish siyosatini ishlab chiqish va yangilashni qo'llab-quvvatlaydi. Bu sa’y-harakatlar mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha milliy maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlariga hamohang bo‘ladi.

Uchrashuv davomida yangi 3 yilga mo’ljallangan Yashil iqlim jamg'armasi (GCF - Green Climate Fund)ning Readiness dastur haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, Aral Sea GRIP dasturini samarali amalga oshirish masalalari  muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, GCF loyihalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qolaversa, mamlakatning Milliy miqyosda belgilanadigan hissasini bajarish muhimligi taʼkidlanib, alohida eʼtiborga loyiq boʻlgan o'rmon xo'jaligi va chiqindilarni boshqarish tarmoqlariga eʼtibor qaratildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlik qilish yo’nalishlarini belgilab oldilar.

Foydali manbalar