FAO Butunjahon atrof-muhit kuni munosabati bilan fototanlov oʻtkazadi      
06.
05. 2023
09:38
2539
Yangiliklar

Bu yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi tomonidan taʼsis etilgan Butunjahon atrof-muhit kunining 50 yilligi nishonlanadi. Oʻtgan yillar davomida Butunjahon atrof-muhit kuni ekologik xabardorlikni oshirish va ekologik harakatni ragʻbatlantirish uchun global platformaga aylandi. Dunyo boʻylab oʻn millionlab odamlar turli tadbirlarda va aksiyalarda qatnashadilar.

FAO/GEF tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi Oʻzbekistonda Butunjahon atrof-muhit kuniga bagʻishlangan fototanlov oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston Resublikasi Tabiat resurslari vazirligi bilan hamkorlikda tanlov taʼsischisi hisoblanadi. 

Ijodiy tanlovning mavzusi - “Atrof-muhitni muhofaza qilishda gender tengligining oʻrni”. 

Fototanlov ayollarning oʻrmon xoʻjaligi va Oʻzbekistonning betakror tabiatini asrab-avaylashdagi muhim roliga keng jamoatchilik eʼtiborini qaratishga bagʻishlangan. 

Oʻrmonlarni kuzatish, oʻrmon mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanish, dorivor oʻtlarni yetishtirish, yangi oʻrmonlar hosil qilish va jamoalarni boshqarish oʻrmon xoʻjaligi xodimlari har kuni bajaradigan vazifalar sirasiga kiradi. 

Bugun oʻrmon xoʻjaliklarida ayol mutaxassislar koʻpayib borayotgan bir paytda, oʻrmon xoʻjaligida gender tengligi zarurati, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, resurslarni boshqarish va qarorlarni qabul qilish jarayonlarida teng huquqlarni taʼminlash har qachongidan ham dolzarbdir.
Ushbu muhim gʻoyalarni fotosuratlar orqali yetkaza oladigan eng yaxshi ishtirokchilar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadilar. 

Tanlov quyidagi nominatsiyalar boʻyicha oʻtkaziladi: 
•  Atrof-muhitni muhofaza qilishda gender tengligining oʻrni
•  Oʻrmon bekasi – tabiat onasi
•  Tabiat beshigini onalar tebratadi

Tanlovda ishtirok etish uchun uchta shartni bajarishingiz kerak:
- Mavzulardan birini aks ettiruvchi fotosuratlar oling;
-  Ushbu onlayn ariza shaklini toʻldiring, fotosuratlaringizni tavsiflang va nima uchun ushbu mavzuni tanlaganingizni tushuntiring;
- Fotosuratlarni toʻldirilgan ariza shakli bilan birga Nargis.Kosimova@fao.org elektron manziliga 2023-yil 25-maygacha yuboring.

Tanlov shartlari haqida batafsil maʼlumotni tanlov toʻgʻrisidagi Nizomdan (https://t.me/urmondagender) bilib olishingiz mumkin.

Foydali manbalar