Fotosuratchilar diqqatiga! O‘zbekiston “Wiki Yerni sevadi” xalqaro fototanlovida ishtirok etadi
05.
04. 2023
13:19
5224
Yangiliklar

2023-yilning may oyida O‘zbekiston “Wiki Yerni sevadi” (Wiki loves Earth, WLE) xalqaro fototanlovida ishtirok etadi. Biz barcha foto ixlosmandlarini tanlovda qatnashishga va shu orqali jahon hamjamiyatining e’tiborini mamlakatimiz tabiatiga qaratishga, ekologik turizmni rivojlantirishga chorlaymiz.

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar – qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar, manzarali hududlar, landshaft zonalari, bog‘lar suratlarini to‘plash, "Wikipediya" Butunjahon ensiklopediyasi va "Wikimedia" jamg‘armasining boshqa loyihalaridagi maqolalarni illyustratsiya qilishdan iborat.

Tanlovda 37 dan ortiq davlat qatnashmoqda. Musobaqa 2013-yildan buyon har yili an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.

Ta'kidlash kerakki, O‘zbekistonning fototanlovda ishtirok etishi xalqaro jamoatchilik e'tiborini mamlakatimiz tabiati, ekologik turizmini rivojlantirishga qaratadi.

Ma'lumot uchun, tanlovning Respublika bosqichi o‘zbekzabon vikimediachilar guruhi tomonidan Rossiyaning “Викигид” hamjamiyati a’zolari bilan hamkorlikda UNESCO, O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirligi va "Wikimedia Foundation" ko‘magida tashkil etiladi.

Bu yil tanlov ikki yo‘nalishda o‘tkaziladi: landshaftlar (agar ular tabiiy yodgorlik bo‘lsa, alohida daraxtlar ham) va makrofoto (hayvonlar, o‘simliklar, qo‘ziqorinlar).

Tanlovda mahalliy miqyosda 15 tagacha g'olib, har bir toifadan ko'pi bilan 10 ta g'olib aniqlanadi. Tashkilotchilar tomonidan mahalliy g'oliblar toifalarga ajratilmasligi yoki kamroq fotosuratlar tanlanishi (masalan, 10 ta) mumkin. 

Xalqaro hakamlar hay’ati har bir nominatsiyadan 10 tagacha, jami 20 tagacha fotosuratni tanlaydi.
Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligining qimmatbaho sovg‘alari va internet-do‘konda "Викимедиа" 
jamg‘armasining 8,5 million so‘mlik xaridlarini amalga oshirish uchun vaucherlar bilan taqdirlanadi.

Tanlov shartlari haqida batafsil ma'lumot:
(https://commons.wikimedia.org/wiki/Commons:Wiki_Loves_Earth_2023_in_Uzbekistan)

Foydali manbalar