Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari N. Oblomuradov, Surxondaryo viloyati hokimi U. Qosimov Prezidentimizning joriy yil 13-mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida choʻl zonalarida qum boʻronlari va chang-toʻzonlari koʻtarilishining oldini olish maqsadida saksovulzorlar tashkil etish boʻyicha belgilab bergan vazifalarining ahamiyati juda katta ekanini taʼkidladilar.
Aytish o'rinliki, Tabiat resurslari vazirligi viloyat boshqarmasi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan vohada 1,5 ming gektarda saksovulzorlar barpo etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 100 ming tup saksovul ko‘chatlari va 15 tonna saksovul urug‘i keltirilgan.
Ko‘chat ekish tadbiridan avval ilmiy-amaliy seminar tashkil etilib, unda mutaxassislar, tajribali bog‘bonlar, o‘rmonchilar tomonidan saksovul ko‘chatining ahamiyati, ekish talablari haqida ma’lumlotlar berildi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ushbu xayrli tadbirda 10 gektar yer maydoniga 12 mingdan ortiq saksovul ko‘chatlari ekildi.
Viloyatda saksovul ekish tadbirlari davom etmoqda.
Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi matbuot xizmati