Bogʻlarni anomal sovuqdan saqlash uchun tutunlatish usulidan ham foydalanish tavsiya etiladi. Tutun nim quruq narsalarni yoqish yoki tutun parda hosil qiladigan “shashka”larni tutatib hosil qilinadi.
12.
01. 2023
18:11
2712
Yangiliklar

Eng osoni, tutun uyumlari chiqindi, goʻng, yaroqsiz nam poxol, shox-shabba, qipiq, barg va boshqa koʻp tutun hamda bugʻ chiqarib yonadigan materiallardan hosil qilinadi. Uyumning katta-kichikligi 1-1,5 metr balandlikda va 1,5-2 metr kenglikda boʻlgani maʼqul. Tagida quruq va yengil alangalanib yonadigan materiallar, ustiga nam, tutaydigan, yonayotganda koʻp tutun va bugʻ chiqaradigan materiallar tashlanadi. Uyum ustiga 2-3 santimetr qalinlikda tuproq solinadi, yuqorisida esa tutun chiqishi uchun teshik qoldiriladi.

Bogʻlardagi harorat keskin pasayganda uyumlar shamol esayotgan tomondan yondiriladi. Takroriy qora sovuqlar boʻlib qolishini nazarda tutib, ularning yarmi qoldirilib, yaʼni uyum oralatib yondiriladi. Yongan uyumlardan chiqqan issiqlik havo haroratini darajasini bir necha oʻn ulushidan 0,75-1,0 darajagacha isitishi mumkin. Kuchsizroq sovuqlarda haroratning bunday oshishi ham ijobiy natija beradi. Uyumlar hosil qilishdan asosiy maqsad - koʻproq quyuq, barqaror tutun va bugʻ chiqarish, ularning bogʻ ustiga yoyilib, yerning va daraxtlarning nur tarqatishini kamaytirishidan iborat. Tutunlarning havo harorati isiy boshlagunga qadar davom etishi va quyosh chiqishidan 1-2 soat keyin tugatish lozim.

Shuningdek, bogʻlarda  sovuqqa  qarshi  kurashish  uchun  maxsus  grelkalarda (isitkichlar) neft va toshkoʻmirdan qilingan briketlardan ham foydalanish mumkin. Bulardan asosan sitrus mevalar yetishtiriladigan bogʻlarda foydalaniladi. Ular havo haroratini 3 darajagacha koʻtaradi, 150 grelka 1 gektar bogʻda haroratni 4-4,5 darajagacha oshiradi. Katta bogʻlarda ulardan foydalanish birmuncha qiyinchilik tugʻdiradi.

Sovuq kunda bogʻlarni qondirib sugʻorish ham past harorat taʼsirini bir muncha kamaytiradi. Yer yuzasi suv bilan qoplangunga qadar koʻllatib sugʻoriladi. Bunda suv havo haroratidan yuqori boʻlganligi uchun bogʻlarning suv isitkichi hisoblanadi. Ikkinchi tomondan hosil boʻlgan suv bugʻlari yerning va daraxtlarning nurlanishini kamaytiradi hamda havo haroratini pasayishiga yoʻl qoʻymaydi.

Foydali manbalar