SHAHARSOZLIK VA EKOLOGIYA
05.
01. 2023
12:40
4987
Yangiliklar

O‘zbekistonda shaharsozlik ishlari atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarni tabiiy va texnogen holatlardan saqlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish masalalari bilan uzviy bog‘liq holda amalga oshiriladi. Ushbu qoidalar O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan.

Maʼlumki, qurilishlarning salbiy taʼsiri uning barcha bosqichlarida – qurilish materiallarini olishdan tortib, tayyor obyektlardan foydalanishgacha ro‘y berishi mumkin.

Qurilish materiallari, buyum va detallarini ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga chang, qurum, zararli gazlar ajralib chiqishi natijasida atmosfera havosining ifloslanishiga olib keladi va inson salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Bu o‘rinda qurilish ishlari ekologik madaniyatni sezilarli darajada yuksaltirishni taqozo etib, ayni jihatlar nafaqat qurilish tashkilotlari, balki buyurtmachi va loyihachi tashkilotlarga birdek masʼuliyatni yuklaydi.

Rejalashtirish va qurilish loyihalarida atmosfera havosini qurilish hamda transport vositalaridan chiqariladigan zararli tashlamalardan muhofazalash va boshqa ko‘plab ekologik tadbirlar o‘z aksini topgan bo‘lishi zarur.

Bino va inshootlarni buzishda ham tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlari ko‘rilishi shart.

Atrof tabiiy muhitga va aholi salomatligiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy taʼsirlar, ekologik noqulayliklarning oldini olishda hamda har qanday xo‘jalik faoliyatini yuritish yuzasidan qarorlar qabul qilishda, albatta, ekologik ekspertiza hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Ekologik ekspertiza obyekti sifatida qaralayotgan loyihalarga baho berishda atrof-muhit barqarorligi, aholining salomatligi va hayotiga taʼsir etuvchi omillarga alohida eʼtibor qaratilishi lozimdir.

Ekologik ekspertizaning muhim tamoyillaridan biri sifatida ushbu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoatchilik va fuqarolarning bevosita ishtiroki ekologik ekspertizaning ochiq-oshkora, adolatli bo‘lishini taʼminlaydi.

Ekologik meʼyor va qoidalar talablariga muvofiq har qanday qurilishda bunyod etiladigan obyektning xavflilik toifasidan qatʼi nazar tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini o‘tkazish talab etiladi. Yaʼni, qurilish natijasida atmosferaga chiqariladigan tashlanmalarni bartaraf qilish yoki ularni tozalash, tabiiy resurslarning yo‘qolishining oldini olish shular jumlasidandir.

Azizjon Kalimbetov

Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i

Foydali manbalar