Tabiatga xiyonat kechirilmaydi
11.
01. 2022
08:43
4635
Ekanadzor

Davlat ekologiya qo‘mitasi poytaxtimizning Otchopar mahallasidagi daraxtlarning noqonuniy kesilishini boshqacha baholay olmaydi va bunday harakatlarga nisbatan qat’iy kurashadi.

Avval xabar berganimizdek, Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonidagi bir necha sotixlik joyda 18 dona eldor qarag‘ayi yashnab turgandi. Shu yerni auktsion orqali qo‘lga kiritgan fuqaro esa bu daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilgan. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bunga rad javobini bergandan keyin turfa o‘yinlar boshlandi.

Dastlab noma’lum kimsalar tomonidan tunda 10 ta daraxt yarmigacha arralab ketildi. Ekologlar esa ushbu daraxtlarni quritmasdan saqlab qolish maqsadida Botanika instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda agrotexnik tadbirlarni olib borib, ularni asrab qolish choralarini ko‘rishdi.

Lekin tabiatga vahshiylik qilishni kasb qilgan kimsalar oradan ma’lum vaqt o‘tgandan keyin qora niqobda yana kechasi shu atrofda paydo bo‘lishadi. 4 ta daraxtni kesib, voqea joyidan qochib qolishadi. Bu yerning egasi J. G. esa ekologlar ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat yo‘llagan. Nima emish, daraxt ko‘chirilishiga ruxsat berilmagani tufayli uning huquqlari buzilganmish. Sud esa ushbu arizani qanoatlantirishni rad etgan.

Hozirgi kunda mazkur holat bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhi qayd etilgan manzilda batafsil o‘rganish ishlarini o‘tkazib, sodir bo‘lgan holatga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Yunusobod tuman prokuraturasiga topshirildi. Tunda daraxtlarga atayin shikast yetkazayotganlarni topish maqsadida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda rejali tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan vaqtda yuz bergan bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Modomiki, qo‘mita rahbariyati huquqbuzarlarga nisbatan tez kunda qat’iy choralar ko‘rilishini izchil nazorat qiladi va bu haqda jamoatchilikka axborot berib boradi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar