Toshkent viloyati. Munosabat
20.
12. 2021
16:47
4737
Yangiliklar

Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ini asossiz ravishda ishdan olinganligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan e’tirozlar yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.

2021 yil dekabr oyiga qadar Davlat ekologiya qo‘mitasiga Toshkent viloyati boshqarmasi faoliyati, shu jumladan sobiq boshqarma boshlig‘i B. Jo‘raevning fuqarolar murojaatlariga harakatsizligi bilan bog‘liq e’tiroz va shikoyatlarning kelib tushganligi, o‘z navbatida ularni o‘rganish maqsadida Qo‘mitaning tegishli buyrug‘i asosida Maxsus ishchi guruh tuzilib, 2021 yil 9 dekabrdan hozirgi kunga qadar Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi va Davlat ekologik ekspertizasi DUKda 2019 – 2021 yillar davomidagi faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Dastlabki bosqichda «Toshkent viloyati davlat ekologik ekspertizasi markazi» DUK faoliyati tekshirildi.

Xizmat tekshiruvi davomida, 2019 – 2021 yillarda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilgan jami 81 ta, shunda 23 tasi I toifa (yuqori darajadagi xavfli) va 58 tasi II toifaga (o‘rta darajadagi xavfli) mansub faoliyat turlarini, birinchi navbatda ob’ektning faoliyati natijasida turg‘un va ko‘chma manbaalaridan atmosfera havosiga tashlanadigan tashlanmalar miqdori va tarkibidagi zararli moddalar, oqava suvlar miqdori va tarkibidagi zararli moddalar, hosil bo‘ladigan qurilish, sanoat va maishiy chiqindilar miqdori, chiqindilar zararliligi bo‘yicha sinfini pasaytirish yoki umuman ko‘rsatmaslik, ikkinchidan, loyiha hujjatlariga ijobiy xulosalarni kafolatli berish maqsadida III toifa (past darajadagi xavfli) sifatida pasaytirgan holda Toshkent viloyatidagi davlat unitar korxonasidan ekspertizadan o‘tkazilganligi aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-son qaroriga muvofiq davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladigan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning 4 ta toifasiga mansub 143 ta faoliyat turlari tasdiqlangan.

Mazkur qaror talablariga asosan I (yuqori darajadagi xavfli) va II (o‘rta darajadagi xavfli) toifalarga mansub faoliyat turlari «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» DUK tomonidan o‘tkazilsa, III (past darajadagi xavfli) va IV (maxalliy ta’sir) toifalarga mansub faoliyat turlari hududiy davlat ekologik ekspertizasi markazlari, ya’ni Toshkent viloyatidagi korxona tomonidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan.

Bu bilan tekshiruv davrida davlat byujetiga soliq to‘lovlari, qo‘mita tarkibidagi ekologiya jamg‘armasiga atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hamda I va II toifaga mansub bo‘lgan faoliyat turlarini qo‘mita tarkibidagi «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» DUK tomonidan ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun belgilangan BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha bo‘lgan to‘lovlar ko‘rinishida 1,8 mlrd so‘m atrofida zarar yetkazilganligi bo‘yicha alohida o‘rganish o‘tkazilmoqda.

Yuqorida bayon etilgan Qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, III toifiga mansub faoliyat turlarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish muddati 10 kalendar kuni etib belgilangan.

Biroq, 2021 yil 10 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Gold Fish Group» MChJ vakili N.M. hamda Olmaliq tumanidagi «Machine Technology Service» MChJ vakili V.Sh.larning og‘zaki murojaatiga asosan davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun 2021 yil sentyabr oyida topshirgan materiallari bo‘yicha joriy yilning 10 dekabr kuni, ya’ni 90 kundan ortiq muddatga kechiktirib hamda noma’lum sabablarga ko‘ra ekspertiza xulosalari berilmayotganligi yuzasidan asoslantirilgan e’tirozlari ma’lum qilindi.

Shu bilan birga 2020 yilda yuqorida bayon etilgan masalalarga oid murojjatlarga asosan Toshkent viloyati davlat ekologik ekspertizasi markazi» DUK faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lib, korxona hodimi I. Z. tomonidan o‘zi 2020 yil 27 avgustga qadar rahbarlik qilib kelgan «Hi-Stream» MChJ hamda uning ukasi I. F. ta’sischi bo‘lgan «Ecoinvent» MChJlar orqali buyurtmachilarning ekologik ekspertizadan o‘tkazish uchun materiallarini ishlab chiqib, mansab lavozimidan foydalangan holda ushbu materiallarga davlat ekologik eksperti sifatida davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazganligi aniqlangan.

Qo‘mitaning 2020 yil sentyabr oyidagi taqdimnomasiga asosan I. Z.ni egallab turgan lavozimdan ozod etish talab etilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar I. Z. Toshkent viloyati davlat ekologik ekspertizasi markazida o‘z faoliyatini davom ettirayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, korxona sobiq rahbari J. B.ga «Pure Environment» MChJ hamda 2021 yil davomida Toshkent viloyati tumanlarining biriga inspektsiya boshlig‘i lavozimiga ishga qabul qilingan J. O‘.ga «Eco Loyixa» MChJ va «Proekt Eco Servis» MChJlar tegshili ekanligi hamda ushbu firmalar orqali buyurtmachilarning ekspertizasidan o‘tkazish uchun materiallarni ishlab chiqib, mansab lavozimidan foydalangan holda ushbu materiallarga viloyat boshqarmasi hodimlari sifatida davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosalarining olinishida yordam berilganligi aniqlandi.

Bu bilan, J. B., I. Z. va J. O‘.lar Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi hodimlari bo‘la turib, bir vaqtning o‘zida «Hi-Stream» MChJ, «Ecoinvent» MChJ, «Eco Loyixa» MChJ va «Proekt Eco Servis» MChJ kabi tadbirkorlik sub’ektlarida rahbar, ta’sischi yoki aloqador shaxs bo‘lishgan va bu bilan Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi 103-son qarori talablarini buzishgan.

Ayni damda xizmat tekshiruvi davom etmoqda. Batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha tarzda ma’lum qilinadi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar