Bugungi brifingda «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan bajariladigan ishlar xususida so‘z yuritamiz.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishi qo‘mitamiz zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Alohida ta’kidlash joizki, bir qarashda oddiy tuyulgan hodisaning hosilasi naqadar ulug‘vorligini biroz fursat o‘tgandan keyingina his qilamiz.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida olib borilayotgan ko‘lamli yumushlar xususida ham xuddi shunday mulohaza yuritish mumkin. Yurtboshimiz tashabbusi bilan daraxtlar kesilishiga moratoriy e’lon qilish bilan «start» olgan ishlar bugun umummilliy harakatga aylandi. Yoshu qari, amaldoru xodim, tadbirkoru sarmoyachi – kim bo‘lishidan qat’iy nazar tabiatdan ayro yashash imkonsizligini idrok etayotir.
Bularning barchasi atrof-muhitni aslicha asrash, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, suv va yer resusrlaridan oqilona foydalanish masalasi davlat siyosatiga darajasiga ko‘tarilgani sharofatidir. Davlatimiz rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlarida ham ushbu yo‘nalishning umumiqtisodiy taraqqiyot va farovon hayot bilan naqadar chambarchas bog‘liqligini butun xalqimizga sodda tilda tushuntirib berdilar.
Joriy yilning 24 avgusti va 2 noyabridagi muhokamalar esa nazariya va amaliyot uyg‘unligining, ilgari surilayotgan g‘oyalarning kundalik turmushdagi in’ikosi bo‘ldi. Binobarin, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda kampaniyabozlikka, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini hamma-hamma anglashi zarur. Chunki avval ana shu illat tufayli o‘zimizni o‘zimiz aldab yuraverganmiz. Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, o‘tgan yillarda «qog‘ozda» ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilganining ham ko‘pi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik, aniq mablag‘i, ekiladigan hudud egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish lozimligi qat’iy belgilandi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirildi. Bundan buyon ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, butun mamlakatimizda 2 noyabrdan 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha «Dolzarb 40 kunlik» e’lon qilingani ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi yana bir muhim tadbirdir, deyishga asoslar yetarli.
Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida – 16 million tupdan, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘onada – 15 million tupdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo, Xorazmda – 14 million tupdan ko‘chat ekiladi.
Shu bois, birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan mas’ul belgilanadigan bo‘ldi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi. Obodonlashtirish bo‘limlari maxsus texnika bilan ta’minlanadi, zarur joylarda sug‘orish tarmoqlari barpo etiladi. Ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishiga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yo‘l va dala chetlariga ham daraxtlar ekiladi.
Mutaxassislarning tavsiyasiga asosan, hududlarda ekish uchun 27 turdagi daraxt ko‘chatlari taklif etilmoqda. Masalan, kashtan, oqqayin, eman, yapon saforasi, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, terak, akatsiya, chinor, tut, jiyda, yong‘oq, behi, uzum, qrim qarag‘ayi va virgin archasi bizning mintaqamiz uchun mosdir. Bunda har bir viloyatning iqlimi va tuproq tarkibi inobatga olinadi. Qaysi nihol unib ketishiga jiddiy e’tibor qaratildi.
Xo‘sh, kelajakka bebaho sarmoya tariqasida yo‘naltirilayotgan ulkan jarayonlarda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining o‘rni qanday bo‘ladi? Eng avvalo, shiddatli zamonning o‘tkir talablaridan kelib chiqib, qo‘mitaning tashkiliy tuzilmasi, vakolat va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
E’lon qilingan «Dolzarb 40 kunlik» qo‘mita rahbariyatidan tortib, olis tumanlardagi oddiy inspektorlargacha tom ma’noda sinov vaqtidir. Ana shu imtihon ekologlarning sarasini saraga, puchagini puchakka chiqaradi. Xalqona aytganda, dastlabki g‘alvir qirq kundan keyin ko‘tariladi.
Buni yaxshi his qilgan qo‘mita mutaxassislari kechadan boshlab joylarda ekishga kirishilgan qalamcha va ko‘chatlarning hisobini alohida yuritish, 2-3 yoshli nihol va butalar o‘tqazilishining hisobini alohida yuritish barobarida mavjud daraxtlarning aniq xatloviga, tegishli tashkilotlar hamkorligida yashil hududlarning elektron xaritasini yaratishga kirishdilar. Shuningdek, hokimliklar tomonidan sug‘orish tizimini yangilash, irrigatsiya tarmoqlari qurish, quduqlar qazdirish va tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ham ekologlar tomonidan muntazam monitoring qilib boriladi. Ko‘chatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini ko‘paytirish choralari yuzasidan belgilangan ishlar qanchalik sifatli ado etilishi ham Davlat ekologiya qo‘mitasi mas’ullarining soha olimlari bilan hamkorlikni qay darajada yo‘lga qo‘yishiga bevosita bog‘liq. Darvoqe, ekish uchun ekolog-ekspertlar tomonidan tavsiya etilgan 27 turdagi daraxt ko‘chatlarining qaysilari qaysi hududga mos kelishi olimlar xulosasi asosida har bir tumanning shart-sharoitini hisobga olgan holda tanlanadi.
Oddiy savol tug‘ilishi mumkin: viloyatlar uchun muayyan kvota tariqasida belgilangan shu 14-16 million donadan ko‘chatlar «Dolzarb 40 kunda» ekib bo‘linadimi? Yo‘q, unday emas. Bu jarayon kelasi yil bahorida ham olimlaru usta bog‘bonlar tavsiya etgan muddatlarda izchil davom ettiriladi. Bunda har bir hudud kuzda va bahorda qancha ekilishini o‘ziga aniq reja qilib olgan.
Maqsad – jimjimador raqamlar ortidan quvib, soxta ma’lumotlar taqdim etishdan iborat emas. Bunday holatlar davri allaqachon o‘tdi. Muddao – chindan-da yashil makonlar barpo etish. Zotan, bugungi nihollar – ertangi toza havo, demakki, go‘zal hayot manbaidir.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati