Hisor davlat qo‘riqxonasi: Hozirgi kun va istiqbolda
27.
10. 2021
11:52
19420
Tadbirlar

Hisor davlat qo‘riqxonasining joylashgan o‘rni

Hisor davlat qo‘riqxonasi O‘zbekistonning janubiy-sharqiy qismida, Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlari hududida, Hisor tog‘ tizmasining g‘arbiy yonbag‘irlarida, dengiz satxidan 1750 m dan 4366 m gacha balandlikda joylashgan.

Qo‘riqxona janubiy-sharqda Surxondaryo viloyati, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.

Hisor davlat qo‘riqxonasi 1983 yilda Qashqadaryo viloyatidagi ikki mustaqil Miroqi va Qizilsuv qo‘riqxonalarini birlashtirish natijasida O‘zbekiston Ministrlar Sovetining 09.09.1983 y. № 521 sonli qaroriga asosan tashkil etilgan.

Umumiy yer maydoni 80986,1 ga. Shundan, 2000 gektar ekoturizm uchun ajratilgan qo‘riqlanma zona hisoblanadi. Qo‘riqxona 4 ta bo‘limga bulingan:

- G‘elon bo‘limi yer maydoni - 18838,1 ga.
- Miraki bo‘limi, yer maydoni - 11821,0 ga.
- Tanxozdaryo bo‘limi yer maydoni - 20233,0 ga.
- Qizilsuv bo‘limii yer maydoni - 30094,0 ga.

Qo‘riqxona hududi 17 ta sarxad, 54 ta aylanish bulakchasi (kvartallardan) iborat.

 

Tabi iy sharoiti

Hisor davlat qo‘riqxonasi Pomir-Oloy tog‘ tizimiga kiradigan Hisor tizmasining shimoliy-g‘arbiy kismida joylashgan.

Uning butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan g‘arbga 37 km, shimoldan janubga 90 km ga cho‘zilgan.

Tog‘ yotqiziqlari ichida paleozoy jinslari ko‘p uchraydi.

Cho‘qqilarining balandligi 2500 metrdan 4421 metrgacha. Jumladan, Xazrati Sulton tog‘i - 4266 m, Xo‘ja-kirshavor - 4303 m, To‘rtqo‘ylik – 4366 m, Bibi-O‘lmas tog‘i – 4349 m.

O‘zbekistonning eng baland nuqtasi ham qo‘riqxonaning To‘rtqo‘ylik tog‘idagi dengiz sathidan 4421 metr balandlikda joylashgan nomsiz cho‘qqidir. Qo‘riqxona hududida mezazoy-kay­nazoy davri yotqiziqlarida karst jarayonlari keng tarkalgan va o‘ralar, daralar, tokcha va g‘orlar ko‘plab uchraydi. Ushbu tog‘ daryolari va soylari chukur daralarni (kononlar) hosil qiladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

 

O‘zbekistonning eng baland  nuqtasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi hududida balandligi 4500 metrgacha bo‘lgan cho‘qqilar: Hazrati Sulton, Xo‘ja qirshivor, To‘rtqo‘ylik, Bibi O‘lmas, Nomsiz cho‘qqilari joylashgan bo‘lib, ular Surxondaryodagi Xo‘japirpir ota, Xo‘japiryak hamda Osmon talash cho‘qqilari bilan yonma-yon qad ko‘targan, ularning soni jami yettita.

Mazku tog‘ cho‘qqilarining etagida turgan odam cho‘qqiga yaqin bo‘lgan boshqa ikki yoki uchta cho‘qqini albatta ko‘ra oladi. Shuning uchun ularni «etti aka-uka», deyishadi.

Mamlakatimizning eng baland cho‘qqisi – Nomsiz cho‘qqi. Bu cho‘qqiga hozirgi kungacha ham hech kim chiqolmagan. Shuning uchun unga hozirgi kungacha nom qo‘yilmagan. Uning balandligi dengiz sathidan 4421 metrni tashkil qiladi.

Nomsiz cho‘qqi Hisor davlat qo‘riqxonasining G‘ilon bo‘limida joylashgan.

Abadiy muzliklar mavjud bo‘lgan ushbu cho‘qqilardan To‘palangdaryo va Oqsuv daryolari boshlanadi. Bu yerda ancha yirik Botirboy muzligi joylashgan, uning maydoni 1600 gektar. Oqsoy daryosining yuqori irmog‘i va uzunligi 9-10 km bo‘lgan Xoliqdod soyi Botirboy muzligidan boshlanadi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


Iqli mi

Hisor tog‘ tizmasi dengiz va okeanlardan o‘zoqda joylash­gan, shu sababli qo‘riqxona hududi tez o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga ega va meteorologik ko‘rsatkichlar tez-tez o‘zgarib turadi.

Kuz va qish oylarida yillik yog‘inning 64% yog‘ishi kuzatiladi. May oydan sentyabr oyigacha yog‘inlarning kamligi yoki umuman bo‘lmasligi o‘simliklar vegetatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qo‘riqxona hududining turli geografik kesimdagi relefda joylashishi bu yerda shamol yo‘nalishini o‘zgarishiga sabab bo‘ladi, ya’ni kechasi tog‘dan pastlikka qarab, kunduzlari esa pastlikdan yuqoriga shamol esishi kuzatiladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


Suvlari

Qo‘riqxona hududidagi daryolar Surxondaryo viloyati va Tojikiston Respublikasida joylashgan Severtsev hamda Botirboy muzliklaridan (3155 gektar) boshlanadi. Ularning eng yiriklari Oqsuv, Tanxoz va Qizildaryo daryolari hisoblanadi. Daryolar kor, muz, yer osti suvlari va yog‘inlardan to‘yinadi, ularnining o‘zanlarida katta-kichik sharsharalar mavjud.

Oqsuv daryosining asosiy irmoklaridan biri hisoblangan Tamshush daryosi dengiz satxidan 3500 metr balandlikda joylashgan Xo‘jaqulbars koyalaridan boshlanib, qor, yomg‘ir va buloklar suvlaridan to‘yinadi. Qo‘koshsoy, Zardolisoy, Shoyurti, Layloqcha, Maydanak, Yurtikalon kabi 32 ta katta-kichik soylar suvidan tashkil topadi va Oqsuv daryosiga ko‘shiladi

Tanxozdaryoning uzunligi 104 km., suv yig‘adigan maydoni 459 kv.km.ni tashkil etib, u dengiz satxidan 2200-3500 metr balandlikda joylashgan Otatush, Ulug‘dara, Chot, Xo‘jagardon, Sarituz, Qarankul, Okdaryo, Qashkabulok kabi 27 ta katta-kichik soy suvlari hisobiga hosil bo‘ladi. Ushbu daryo o‘zani bo‘ylab Qorakamar, Almati, Kosatarosh, Sho‘rxasan, Kamar. Ommag‘on, Xitoy, Hazara va boshka qishloqlar joylashgan.

Hududning sersuv manbalaridan biri Qizilsuv daryosi dengiz satxidan 4000- 4300 metr balandlikda joylashgan Avg‘oyi-kalon dovonidan boshlanadi, uning uzunligi 110 km.ni, suv yig‘adigan maydonining satxi esa 650 kv.km.ni tashkil etadi. U tog‘ cho‘qqilaridagi qorlarning erishi xamda Kizilbulok, katta-kichik Qal’asoy, Oqsuv, Shilhazor, Avg‘oyi-kalon kabi soylar suvidan xosil bo‘ladi.

Hisor ko‘riqxonasi hududida katta-kichik 10 ga yaqin ko‘llar bor. Jumladan, G‘ilon bo‘limida 3 ta, Miraki bo‘limida Z ta, Tanxzdaryo bo‘limida 1 ta va Qizilsuv bo‘limida Z ta ko‘l mavjud. Bugungi kunga qadar ular to‘liq o‘rganilmagan, faqatgina ko‘llarning dengiz satxidan balandligi, sathining eni va bo‘yi aniqlangan xolos.

Ko‘riqxona xududidan boshlanib Qashkadaryo viloyati bo‘ylab okayotgan Okdaryo, Tanxozdaryo va Qizildaryolar Qashqadaryo vohasi xududi axolisining 35-40% ini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Daryolarning hayotbaxsh suvi Kitob, Shaxrisabz, Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi, G‘uzor, Qarshi, Koson tumanlarida kishlok xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtirishda, bog‘lar barpo etishda va boshqa xo‘jalik tarmoqlarida foydalaniladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


O‘simlik dunyosi

Hisor davlat ko‘riqxonasi o‘simliklar dunyosi juda boy va xilma-xil bo‘lib, ularni muhofaza qilish va o‘rganish ko‘riqxona xodimlarining asosiy vazifalaridan biridir. Qo‘riqxona xududida 970 turdagi o‘simliklar o‘sishi aniklangan. Ular 81 oilaga kiruvchi 384 turkumga mansub.

Ulardan kamyob va yo‘kolib borayotgan 30 tur o‘simlik O‘zbekiston Respublikasi “Qizil Kitobi”ga kiritilgan. dilband lola, ulug‘vor lola, nor shirach, oq parpi, sunbul kovrak, O‘zbekiston chinniguli shular jumlasidandir.

Pomir-Oloy tot tizimida endemik hisoblangan o‘simliklarning turi 80 dan ortiq bo‘lib, ulardan qo‘rikxona xududida Kichik va Katta yuno, Aleksey piyozi, Fedchenko piyozi, Tog‘bargli piyoz, Rozinbax piyozi, O‘zbekiston chinniguli, Bobrov va Kudryashev astragallari, Olta, Tubergen, Chimyon lolalari o‘sadi.

Ko‘riqxona hududida o‘sadigan o‘simliklarning 250 turdan ortig‘i dorivor va ozuqabob hisoblanadi. Ulardan qirkbo‘g‘im, zira, zirk, oltin tomir, chakanda, rivoch, buymadaron, shuvok, toron, saleb, ruyan, sumbul, kiyik o‘ti, kizilpoycha xalq tabobatida, Oshanin piyozi, tog‘bargli piyoz, rivoch, zira, alqor kabilar maxalliy xalq tomonidan ozuqabob o‘simlik sifatida ko‘p ishlatiladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


O‘zbekiston Respublikasi Qizil kito biga kiritilgan noyob o‘simliklar

Ulug‘vor lol

Ulug‘vor lola G‘arbiy Pomir-Oloyda kam tarqalgan endemik o‘simlik bo‘lib, bo‘yi 12–25 sm orasidagi ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozining diametri 2,5–4 sm, cho‘ziq-tuxumsimon, ustki qismi qora qo‘ng‘ir yoki qo‘ng‘ir yupqa charmsimon qobiq bilan o‘ralgan. Barglari 3–4 ta, tarvaqaylagan, o‘tkir uchli, nashtarsimon, chetlari egri-bugri, ko‘kimtir rangli. Guli qizil, yulduzsimon, tubi qora rangli. Changchisi va changchi iplari qora, tim qo‘ng‘ir yoki to‘q qizil rangli. Aprel–may oyida gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi. Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Zarafshon, Ko‘hitang va Hisor tizmalarida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi. Hisor davlat qo‘riqxonasining dengiz sathidan 1600–2000 m balandlikdagi soz tuproqli yonbag‘irlarida o‘sadi.

Nor shirach

Nor shirach Tyan-Shan va Pomir-Oloydagi areali ajralgan va qisqarib borayotgan endemik o‘simlik, bo‘yi 100–250 sm ga yetadigan ko‘p yillik yirik o‘t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, bo‘laklari urchuqsimon yo‘g‘onlashgan. Barglari keng qalami, eni 4–8 sm, silliq. Shingili tig‘iz, ko‘p gulli, tsilindr shaklda, uzunligi 35–120 sm. Guloldi bargchalari uchburchak shaklda. Shingilining pastki qismidagi gullarining bandi gulqo‘rg‘onidan 1,5–2 marta uzun. May– iyulda gullaydi, mevasi iyul–avgustda yetiladi. Toshkent, Namangan, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari: G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyning barcha tizmalari, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda ham uchraydi.Hisor davlat qo‘riqxonasining o‘rta qismidagi mayda jinsli, tuproqli va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

O‘zbekiston chinniguli

Mazkur o‘simlik turi  Pomir-Oloyning g‘arbiy qismidagi kamyob endemik o‘simlik hisoblanadi. Bo‘yi 40 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari ko‘p, oddiy, ba’zan yuqori qismidan shoxlangan, tuksiz, pastki qismi g‘adirbudir, uzunligi 20–35 sm. Barglari ko‘kimtiryashil, o‘tkir uchli. Gullari yakka-yakka, asosi qalin tukli, pushti rangli. Mevasi – ko‘sakcha, ko‘p urug‘li. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi. Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari: Zarafshon tizmasida (Taxta Qoracha dovoni, Qizilolma va Tarag‘ay qishloqlari atroflari) tarqalgan. Hisor davlat qo‘riqxonasida Bog‘cha qishlog‘idan yuqoridagi tosh-shag‘alli joylarda, tosh va ohaktosh siniqlari va yoriqlari orasida o‘sadi. Populyatsiyasi tarqoq holda.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


Hayvonot dunyosi

Hisor davlat qo‘riqxonasi hududida umurtqali xayvonlarning 276 turi uchrashi aniklangan. Shu jumladan:

Sut emizuvchilar sinfi – 32 tur;
Qushlar sinfi - 225 tur;
Sudralib yuruvchilar sinfi - 17 tur;
Suvda va quruqlikda yashovchilar sinfi – 2 tur.
Baliqlar sinfi - 2 tur;
Jami umurtqalilar – 276 tur

Noyob hayvon turlari soni: 17 tur. – shundan,
Sut emizuvchilar sinfi – 6 tur;
Qushlar sinfi - 7 tur;
Sudralib yuruvchilar sinfi - 3 tur;
Baliqlar sinfi – 1 tur.

Hayvonot dunyosi

Hayvonot dunyosi

Hayvonot dunyosi

Hayvonot dunyosi


O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob hayvon turlari

Ilvirs (qor qoploni)

Yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur. TMXI Qizil Ro‘yxatiga kiritilgan. Tog‘larning o‘rta va yuqori (d.s.b. 2500-4500 m) qismlarida yashaydi. So‘nggi un yilliklar davomida soni uzluksiz kamaymoqda. 1980-1990- yillarda Hisor qo‘riqxonasida 5-11, 1970-1980- yillarda Chotqol qo‘riqxonasida - 1-3 donasi hisobga olingan. Hozirda jami, taxminan 40-50 donani tashkil etadi.

2020 yil o‘tkazilgan hayvonot dunyosi sanog‘i davrida Hisor davlat qo‘riqxonasida 32 bosh qor qoploni qayd etilgan. Asosan Qizilsuv va Tanxozdaryo hududlarida ko‘p uchratiladi. Qo‘riqxonada qor qoplonining hayot tarzini o‘rganish va muhofaza qilish masalasiga doir ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.

Amudaryo gulbalig‘i (foreli)

Zaif, qisqarib borayotgan, Amudaryo endemik relikt kenja turi. Amudaryoning yuqori qismida (Surxondaryo, Sangardak va To‘polang daryolari) tarqalgan; Tanxozdaryoga keltirilgan, Qoradaryo va Norinda iqlimlashtirilgan. Tez oqadigan, suvi sovuq va tubi tosh-shag‘alli tog‘ daryolari. Qo‘riqxonaning Tanxozdaryo va Qizilsuv daryolari va ularning irmoqlarida keng tarqalgan. Amudaryo gulbalig‘ining yovvoyi tabiatdagi bioekologik xususiyatlarini o‘rganish natijasida ularni sun’iy ravishda ko‘paytirish hamda tegishli baliqchilik yo‘nalishini shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i.

Zaif tabiatdan kamyob, mozaik tarqalgan kenja tur. Yashash joylari. Tog‘larning d.s.b. 1500-3500 m bo‘lgan o‘rta va yuqori qismlari. Soni. O‘zbekistonda 1970-1980 yillarda 200-220 bosh bo‘lgan. (Farbiy Tyonshonda – 100 boshgacha, Farbiy Pomir-Oloyda - taxminan 500 boshga yaqin). Qo‘riqxona hududida 2020 yilda 91 bosh qo‘ng‘ir ayiq uchrashi qayd etilgan.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


Ilmiy-tadqiqot ishlari

Qo‘riqxonada ilmiy-tadqiqot ishlarining olib borilishidan asosiy maqsad hududdagi tabiiy majmualar va ularni tashkil etgan tabiiy unsurlarning yillar davomidagi fenologik dinamikasi hamda xususiyatlarini o‘rganish, to‘plangan ma’lumotlar tahlili natijasida atrof-muhit monitoringini amalga oshirish va tegishli ilmiy xulosalar tayyorlash hisoblanadi.

Hisor davlat qo‘riqxonasida qo‘yidagi yunalishlar bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilmoqda.

Mavzu: Qo‘riqxona tabiiy majmualarining fenologik xususiyatlari va atrof-muhit monitoringi.

Mavzu: “Hisor davlat qo‘riqxonasi fauna vakillarini biologiyasini surat va video tasvirga oluvchi foto-video qopqonlar yordamida o‘rganish”.

Mavzu: “Hisor davlat quriqxonasi hududida o‘sadigan O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan o‘simliklarning biologiyasini o‘rganish”

Mavzu: “Hisor davlat qo‘riqxonasi hududida noyob va yo‘qolib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan qushlarning biologiyasini o‘rganish”

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


Qo‘riqxonaning ilmiy salohiyatini rivojlantirish rejalari

Qo‘riqxonaning qo‘riqlov va ilmiy bo‘lim xodimlarini malakasini oshirish hamda salohiyatli ilmiy xodimlar bilan ta’minlanganlikka erishish.

O‘zbekiston Respublikasi FA Botanika va Zoologiya ilmiy tekshirish instituti, O‘zbekiston Milliy Universiteti, Toshket Davlat Agrar Universiteti, Samarqand Davlat Universiteti, Qarshi Davlat Universiteti va boshqa ilmiy salohiyatga ega muassasalar bilan hamkorligida ilmiy izlanishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish.

Qo‘riqlash va ilmiy bo‘lim xodimlarini respublikamiz hududidagi qo‘riqxonalar bilan tajriba almashuvi va o‘zaro hamkorligini ta’minlash.

Dolzarb ilmiy mavzularda tadqiqotlarni amalga oshirish va muhofaza qilishga doir tavsiyanomalar ishlab chiqish

Qo‘riqxona ilmiy faoliyatga doir maqolalarni respublikamizda va chet ellardagi nufuzli ilmiy jurnal va konferentsiyalarga taqdim etish.

Grant mablag‘larining ajratilishiga erishish va ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirish.

Ilmiy-tadqiqot ishlarining moddiy-texnik jihatdan ta’minlanishiga erishish va zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi.

Xalqaro aloqalarni rivojlantirish va qo‘riqxonaning ilmiy nufuzini xalqaro darajaga ko‘tarish.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


Qo‘riqxonaning turizm salohiyatini rivojlantirish rejalari

Tashrif markazini ekoturistik ob’ekt sifatida shakllantirish va markazni zamonaviy ekoaxborot texnologiyalari bilan jihozlash.

Turizm infrastrukturasini zamonaviy talablar asosida shakllantirish.

Ekoturistik marshrutlar (piyoda va otda) tashkil etish va ularni havfsizlik nuqtai-nazaridan jihozlanishini ta’minlash. Shu jumladan, Hazrati Sulton ota ziyoratgohi va Amir Temur g‘origa chiqadigan sayyohlar uchun otda sayohat xizmatini tashkil qilish.

Ekoturizmga doir ekotarg‘ibot ishlarini amalga oshirish, ya’ni qo‘riqxonaning tabiati va faoliyatiga doir reklama banerlarini keng miqyosda aholi ko‘p tashrif buyuradigan joylarda (parklar, avtomobil va temiryo‘l vokzallarida, aeroport va boshqalar) joylashtirish.

Ekotarg‘ibotga doir ma’lumotnomalar, risolalar, fotojamlanmalar, videolavhalar va boshqalarni tayyorlash hamda ommaboplashtirish.

Veb-saytning ma’lumotdorligini oshirish hamda uning ommabopligiga erishish.

Suvtushar sharsharasida sayyoxlar uchun kichik zoopark yoki pitomnik tashkil etish.

Kam ta’minlangan aholi qatlami, o‘quvchilar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun imtiyozlar joriy qilish.

Ekoturizm sohasiga mehnatda band bo‘lmagan aholini jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi


Qo‘riqxonaning ekotarg‘ibot ishlariga doir rejalari

Muxofaza etiladigan tabiiy hududlar va u yerdagi bioxilma-xillikni asrab-avaylashga doir qo‘riqxona xodimlari tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali hamda mahallalar aholisi bilan muntazam ekologik targ‘ibot sohasidagi tadbirlar ko‘lamini kengaytirish.

Ekotarg‘ibot ishlarini mahalla faollari, OAV, ta’lim maskanlari, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirish.

“Hisor davlat qo‘riqxonasi” nomli o‘simlik va hayvonot dunyosi tug‘risidagi fotoal’bomni kengaytirilgan qo‘shimcha yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan variantini tayyorlash (o‘zbek, rus va ingliz tillarida).

Hisor davlat qo‘riqxonasidagi o‘simlik va hayvonot olami to‘g‘risidagi ma’lumotlarni maktab uquvchilari uchun o‘quv dasturlarini kiritish maqsadida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim va Xalq ta’lim vazirliklarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish.

Qo‘riqxona tabiiy majmualari to‘g‘risida aholining turli yosh qatlamlarini hisobga olgan holda tayyorlangan buklet, risola va boshqa ma’lumot manbalari hamda tarqatma materiallarning ommabopligiga erishishish.

Hisor davlat qo‘riqxonasi flora va faunasi, ekoturistik salohiyati hamda boshqa maqsadlarga muljallangan videolavhalar tayyorlash va namoyish etilishini ta’minlash.

“Qor qoplon” to‘g‘risida multfilm yaratish uch tilda.

Ekotarg‘ibot ishlarida zamonaviy axborot texnologiyalarini muvafaqqiyatli qo‘llanilishini ta’minlash.

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

Hisor davlat qo‘riqxonasi

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar