Hisobchining qing‘ir ishi 3 yil o‘tib fosh bo‘ldi
08.
09. 2021
20:44
4065
Yangiliklar

Xalqimizda «Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi», degan purhikmat naql bor.

Andijon viloyatining Andijon shahrida yashovchi Z. Niyazovning sodir etgan jinoyati fosh etilganida yuqoridagi naqlning haqligiga amin bo‘ladi, kishi.

2021 yilning fevral oyida Andijon viloyati «Toza hudud» DUK tomonidan ichki buxgalteriya tekshiruvi o‘tkazildi. Tekshiruv davomida, bosh hisobchi yordamchisi vazifasida ishlab kelgan Z. Niyazov bir qancha qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yganligi aniqlandi. Mazkur ishni viloyat prokuraturasi va soliq organi ham o‘z nazoratiga olgan.

Muqaddam sudlangan, 1985 yilda tug‘ilgan Z. Niyazov 2017 yilda Andijon viloyati «Toza hudud» DUKga ishga kirgan va o‘z faoliyatini mijozlar bo‘limida aholi bilan shartnomalar tuzishdan boshlagan. Keyinchalik, 2018 yil 2 fevralidan boshlab korxona hisobchisining yordamchisi vazifasiga ishga o‘tgan. Ana shu kundan boshlab, Z. Niyazov o‘zining qing‘ir istaklarini amalga oshirish payiga tushgan. U tegishli huquqlarga ega bo‘lmay turib, bank operatsiyalarini «bank kaliti» orqali amalga oshira boshlagan. Korxona mablag‘larini xarajatga va ish haqlariga yo‘naltirishdan tashqari, ora-sira o‘z «jig‘ildonini» ham unutmagan holda, bir qator moliyaviy jinoyatlarga yo‘l qo‘ygan.

O‘tkazilgan tekshiruv va tergov natijalariga ko‘ra, Z. Niyazov Andijon viloyati «Toza hudud» DUKning 353 724 866 so‘m pul mablag‘larini uch yil davomida o‘zlashtirib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan Z. Niyazovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 167-moddasi 3-qismi va JKning 45-moddasi qo‘llanildi. Unga ko‘ra, Z. Niyazovga 2 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilish, yana bir O‘zR JK 228-moddasining 1-qismi bilan har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Shuningdek, I. Juraev (sobiq bosh hisobchi), X. Abdullaev (bosh hisobchi) va M. G‘iyosov (sobiq rahbar)larga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida, ya’ni 11 150 000 so‘m jarima qo‘llanildi.


ANVAR ShEROV,
Waste.uz muxbiri

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar