Davlat ekologik ekspertizasi: kecha, bugun, ertaga
05.
05. 2021
12:13
11086
Yangiliklar

Ma’lumki, o‘tgan asrning so‘nggiga kelib ekologik xavfsizlik masalasi milliy va mintaqaviy chegaralardan chiqib, global muammo tusini oldi. Aholi soning oshib borishi barobarida tabiiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojning ortishi, fan va texnika, sanoat korxonalarining jadal rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining kimyolashtirilishi atrof-muhitga, inson salomatligiga, o‘simlik va hayvonot olamiga, atmosfera havosiga, suv havzalariga, yer osti suvlarining tabiiy aylanishi va tuproq holatiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi.

Sanoat korxonalaridagi filtrlash tizimlari, ya’ni tozalash qurilmalarining talab darajada ishlamasligi ham ulardan chiqadigan zararli moddalar miqdori ko‘payishiga imkon bermoqda. Atmosfera havosiga chiqarilayotgan minglab tonna tashlanmalar yillar davomida yomg‘ir, qor, shamol va boshqa omillar ta’sirida tuproq qoplamiga tushib, kimyoviy ifloslanish darajasi ko‘tarilishiga olib keldi.

Ekologik ekspertiza esa mana shunday hayotiy zaruriyatdan kelib chiqib tashkil qilingan muhim faoliyat hisoblanadi.

Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisoblanib, davlat ekologik ekspertizasi qo‘mita tarkibidagi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Bu xizmat hozirgi globallashuv davrida dolzarb ahamiyatga ega. Binobarin, ekologik ekspertiza deganda rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda ekologik ekspertiza ob’ektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlash tushuniladi.

Sanoat korxonalarining davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish majburiy talab hisoblanadi.

Atrof-muhitni baholash jarayonida, birinchi navbatda, insoniyat sog‘lig‘iga, shuningdek, atrof-muhitning tarkibiy qismlari bo‘lgan yer, yer qa’ri, tuproqlar, yer usti va yer osti suvlari, atmosfera havosi, azon qatlami, flora va fauna hamda shu kabi boshqa tabiat omillariga salbiy ta’sirini o‘rganish va uni amalga oshirilishini mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qilishni tushunishimiz kerak.

Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish bundan 24 yil avval, ya’ni 1997 yili joriy etilgan. Dastlab O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonuni huquqiy asos bo‘lgan bo‘lsa, 2000 yil 25 mayda «Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 31 dekabrdagi qaroriatrof-muhitga ta’sirni baholash va davlat ekologik ekspertizani yanada takomillashtirishdagi muhim qadam bo‘ldi. Bejiz bu hujjatga to‘xtalayotganimiz yo‘q, chunki ushbu qaror bilan ilk bor mamlaktimizda davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi Nizom bilan birgalikda ekspertizadan o‘tkaziladigan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Bunda, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha faoliyat turlari yuqori darajadagi xavfli bo‘lgan I toifa, o‘rta darajadagi xavfli bo‘lgan II toifa, past darajadagi xavfli bo‘lgan III toifa hamda mahalliy ta’sir ko‘rsatuvchi IV toifaga mansub ob’ektlar sifatida tasniflandi.

Ekologik ekspertizani o‘tkazish jarayonida mo‘ljallanayotgan faoliyatning atrof-muhitning tarkibiy qismlariga, shu jumladan, inson sog‘ligiga ta’siri kabi qator me’yorlarga amal qilinishiga ham e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihat sanaladi. Masalan, «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» tomonidan 2006 yildan 2020 yilga qadar atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I, II, III, IV toifalariga mansub bo‘lgan korxona va tashkilotlarning 18 043 tasiga ijobiy xulosalar taqdim etilgan, 4 269 tasiga esa xulosalar qayta ishlash uchun qaytarilgan.

Ko‘p narsa solishtirganda, taqqoslaganda bilinadi. Tahlillarga ko‘ra, 2000 yillarning boshida ekologik ekspertizaga yiliga jalb qilingan korxonalar soni o‘rtacha 4-5 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich 20-25 mingni tashkil qilmoqda.

Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, bugungi kunda respublika hududida atmosfera havosini ifloslantiruvchi 171 ta modda, yer va suv ob’ektlariga 84 turdagi oqova hamda faoliyat natijasida hosil bo‘ladigan 146 turdagi chiqindilarning doimiy nazorati yuritiladi.

Yildan yilga ekologik ekspertizani o‘tkazish bo‘yicha o‘sishni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, 2021 yilning 1 choragi davomida 603 ta loyiha xujjatlari kelib tushgan.Bu loyihalarning atrof-muhitga ta’siri o‘rganib chiqilganda, 102 ta loyihaningatrof-muhitga salbiy ta’siri yuqori bo‘lganligi sababli ularni bartaraf etish uchun qaytarilgan, 6 ta loyihani ro‘yobga chiqarish uchun rad javobilari berildi.

Shu o‘rinda, bu turdagi faoliyatlarni aholi yashash hududlaridan uzoqroq va ekologik talablarga muvofiq bo‘lgan hududlarda joylashtirilishini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Albatta, yildan yilga ekologik ekspertizadan o‘tishi kerak bo‘lgan sanoat korxonalari ko‘rsatkichining oshib borishi bejiz emas. Chunki keyingi yillarda mamlakatimizda yangi konlarning o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq holda sanoat korxonalarining soni ham ortib bormoqda. Ayniqsa, kichik ishlab chiqarish faoliyati ham keyingi yillarda juda tez rivojlanmoqda.

Sir emaski, sanoat korxonalari, xo‘jalik maishiy xizmat korxonalari o‘zlarining ish jarayonida atrof-muhitga ma’lum darajada ta’sir o‘tkazadilar, ya’ni gaz, suyuq va qattiq holdagi chiqindilarni chiqaradi. Bu chiqindilar yillar davomida tuproqda, suvda yoki atmosfera havosida harakatlanib turadi. Xususan, qo‘rg‘oshin, rux, mishyak, vannadiy, molibden, kadmiy, simob va boshqa bir qator kimyoviy elementlar vaqt o‘tishi bilan o‘ta zaharli birikmalar holida tuproqqa, suvda yoki havoga yig‘ilib boradi. Ayni shu jihat e’tiborga olingan holda keyingi vaqtlarda ekologik ekspertiza xulosasini berishda maishiy va qurilish chiqindilari uchun mo‘ljallangan holatlarga ham katta e’tibor berilmoqda.

Sanoat korxonalaridan chiqadigan chiqindilar tarkibidagi turli moddalar, asosan, oltingugurt oksidlari, azot oksidlari, uglerod oksidlari, og‘ir metallardan – temir, qo‘rg‘oshin, mis, kobalt, nikel, kadmiy, simob tuzlari va boshqalar atmosfera havosiga, umuman, tiriklik dunyosiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun sanoat korxonalariga yangi, zamonaviy, kam chiqindili texnologiyalarni olib kirish hamda atrof-muhitga chiqadigan chiqindilarning kamayishiga harakat qilib toza ekologik sharoitni yaratishimiz kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 3 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalari tarkibida davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» davlat unitar korxonalari ta’sis etilgan.

Keyingi yillarda respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida atrof-muhitni baholash tizimini yanada takomillashtirish borasida Vazirlar Mahkamasining «Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 2020 yil 7 sentyabrdagi qarori qabul qilindi. Bu bilan, tashkil etilishi ko‘zlanayotgan faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash jarayoniga jamoatchlik ishtirokini ta’minlashning majburiy talabi va uning aniq mexanizmi belgilab berildi.

Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etiladigan materiallarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish tartib-taomillarini belgilashda bu asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. Kezi kelganda aytish o‘rinliki, ushbu qaror ijrosidan kelib chiqib 2020 yilning 1 oktyabridan Davlat ekologiya qo‘mitasining www.eco-service.uz veb-sayti orqali davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishning elektron hujjat almashinuvining yagona tizimi ishga tushirildi hamda ariza va atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarining qog‘oz shaklda qabul qilinishi to‘liq to‘xtatildi.

Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub faoliyat turlarining Davlat ekologik ekspertizasi atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risidagi elektron anketa ishlab chiqilib, www.eco-servisce.uz veb-sayti orqali amaliyotga joriy etildi.

Bugungi kunda materillarni ekologik ekspertizadan o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi xorijiy kompaniyalarni tanlash uchun Tanlov (konkurs) komissiyasi tarkibini hamda uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi buyruq loyihasi ishlab chiqilib tasdiqlash uchun tayyorlandi. Buyruq loyihasi bilan komissiya tarkibi, komissiya nizomi, Ekspertlar ishchi guruhi tarkibi hamda tanlov (konkurs) o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom loyihalari tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Respublika hududida faoliyat yuritayotgan Davlat soliq inspektsiyaning tadbirkorlik sub’ektlarining (jami 352,0 mingdan ortiq) bazasi asosida davlat ekologik ekspertizasi bilan qamrab olinishi, ularning atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish toifasini aniqlash bo‘yicha xatlov ishlari yuzasidan taqdim etilayotgan ma’lumotlar umumlashtirilmoqda.

Xalqaro darajadagi ekspertlar bilan xorijiy tajriba asosida atrof-muhitni baholash tizimini halqaro talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ko‘ra,ikkita yangi qonun loyihasi ishlab chiqilib, uning amaliyotga tadbiq etilishi natijasida mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishga, xorijiy investor va xalqaro moliya institutlariga tushunarli bo‘lgan ekologik ekspertizasi tizimining joriy etilishiga hamda tadbirkorlik sub’ektlarining asoslanmagan behuda xarajatlarining oldini olish imkoni yaratiladi.

 

 

«Davlat ekologik ekspertizasi markazi» DUK
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar