Loyiha taqdimoti
10.
02. 2021
18:34
5633
Tadbirlar

2021 yil 10 fevral kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida «Markaziy Osiyoda atrof muhit monitoringini o‘tkazishga ko‘maklashish uchun ma’lumot va axborotlarni tayyorlash hamda foydalanishni yaxshilash uchun salohiyatni rivojlantirish va texnologiyalarni uzatish» loyihasining taqdimotiga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda vazirlik va idoralar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasida BMTning doimiy koordinatori, BMT ning atrof muhit bo‘yicha dasturining (YuNEP) Markaziy Osiyo va Yevropa ofislari koordinatorlari, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Rossiya Fanlar akademiyasi, Geografiya instituti, Moskva Davlat universiteti vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ta’kidlanganidek, mazkur loyihaning mamlakatimizda amalga oshirilishi maxsus monitoring tarmoqlaridan axborot olish, ma’lum hududlarni kartalashtirish, yer qoplamasi va yerdan foydalanishning to‘liq tasnifi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatlarini beradi. Mazkur ma’lumotlar atrof muhit holati va tabiiy resurslar to‘g‘risida milliy ma’ruzalarni tayyorlashda, transchegaraviy ekologik masalalarni hal etishda, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida amalga oshirilayotgan hamda tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘ptomonlama kelishuvlar doirasidagi hisobotlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyiha doirasida axborot texnologiyalaridan keyin foydalaniladi. Xususan, zamonaviy texnologiyalar va dasturiy ta’minot.

Shuningdek, geografik axborot tizimi texnologiyalari va vositalaridan foydalanishda Rossiya Federatsiyasi va YuNEP ekspertlari tomonidan tayyorlangan maxsus o‘quv dasturi orqali kadrlar salohiyati oshiriladi. Shu bilan birga mazkur loyiha doirsida atrof muhitning raqamli atlasi ishlab chiqiladi. Bu esa atrof muhitning yer, suv, biologik xilma-xillik bilan bog‘liq asosiy yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlarni tahlil qilish va baholash, ma’lumotlar bazasini yaratish, indikatorlarni ishlab chiqish, statistik ma’lumotlarni tayyorlash imkonini beradi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar