Takomillashayotgan faoliyat...
15.
01. 2021
12:51
6387
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining «Ekologik ekspertizasi to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, respublika hududida rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda ob’ektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlash majburiy hisoblanadi.

Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisoblanib, davlat ekologik ekspertizasi qo‘mita tarkibidagi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 oktyabrdagi  «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari tarkibida davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» davlat unitar korxonalari ta’sis etilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning yuqori (I), o‘rta (II), past (III) va mahalliy (IV) toifalariga mansub faoliyat turlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil qilish, ekspertizadan o‘tkazishga materiallarni tayyorlash va taqdim etish kabi xizmatlar amalga oshiriladi

O‘zbekistonda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tizimi bundan 24 yil avval, ya’ni 1997 yili joriy etilgan. Aytish kerakki, ayni paytda zamon talabidan kelib chiqib, bu borada qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi «Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosidan kelib chiqib 2020 yilning 1 oktyabridan boshlab qo‘mitaning www.eco-service.uz veb-sayti orqali davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishning elektron hujjat almashinuvi tizimi ishga tushirildi.

Bu bilan ariza va atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarining qog‘oz shaklda qabul qilinishi to‘liq to‘xtatilib, ularni hamda to‘lovlarni elektron ko‘rinishda amalga oshirish, avtomatlashtirilgan hujjatlar ijrosi kuzatuvini yuritish, soha yo‘nalishida metodik yordam ko‘rsatish, davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini berish bo‘yicha raqamlashtirilgan interaktiv xizmat joriy etildi.

Ushbu yagona tizimga hududiy davlat ekologik ekspertizasi markazlari integratsiya qilinib, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub, ya’ni mahalliy ta’sir ko‘rsatadigan faoliyat turlari bo‘yicha elektron anketa shaklida arizani to‘ldirish dasturiy yechimlar amalga oshirildi. Mazkur yangilik hisobiga buyurtmachilarning shaxsiy kabinetida tegishli yo‘riqnomaga amal qilib, oson, qiyinchiliksiz davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun arizani yuborishi uchun barcha dasturiy qulayliklar yaratildi.

Bularning barchasi o‘z navbatida, ortiqcha vaqt sarfi hamda moliyaviy yo‘qotishlarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Masalan, avvallari tizimda eskicha qog‘ozbozlik tizimi saqlanib qolgani sababli xulosalar va ekologik loyihalarning bir nusxasi qog‘oz ko‘rinishida ishlab chiqarish ob’ektiga taqdim etilib, ikkinchi nusxasi arxivga topshirilar edi. Ekspertiza xulosasini olish, ayniqsa, olis hududlardagi buyurtmachilar, ya’ni tadbirkorlar uchun ko‘plab muammolarni yuzaga keltirgan. Respublikaning chekka hududidagi buyurtmachi shartnoma olish uchun Toshkent shahriga bir kelsa, loyihani tasdiqlatish uchun yana takror kelishga to‘g‘ri kelgan. Qolaversa, markaz xodimlari tomonidan taqdim etilgan loyiha atroflicha o‘rganilib, yakuniy xulosa berilgunga qadar buyurtmachi yana ma’lum muddat kutishi kerak bo‘lgan. Shuningdek, masalaning yo‘l haqi, mehmonxonada turish kabi iqtisodiy xarajatlari bilan bog‘liq jihatlari ham borki, bularning barchasi buyurtmachi uchun ortiqcha xarajat va ovoragarchiliklarni keltirib chiqargan.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 yilda respublika miqyosida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun jami 17906 ta ariza hujjatlar taqdim etilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur yangi tizim ishga tushganidan so‘ng, ya’ni o‘tgan yilining 1 oktyabridan boshlab jarayon anchayin tezlashgan va 4733 ta arizaga o‘z vaqtida davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha onlayn xizmat ko‘rsatilgan.

Aytish lozim, bu boradagi ishlar inson omilining bartaraf etishga, qonuniylik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Ayni paytda tizimdan foydalanish bo‘yicha buyurtmachilarga yanada qulaylik yaratish yuzasidan amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Qolaversa, davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini ta’minlash, ekspertiza organlariga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, ularga uslubiy rahbarlik qilish, shuningdek, ekspertizani o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, vazirlik va idoralardan doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar va malakali mutaxassislardan iborat ekspertlar kengashi shakllantirildi. Davlat va jamoat ekologik ekspertizasi bo‘yicha yo‘riqnoma-uslubiy hujjatni ishlab chiqishga, davlat va jamoat ekologik ekspertizasini o‘tkazishning uslubiy jihatlariga oid materiallar shakllantirilmoqda, xorijiy davlatlarning tegishli tajriba va amaldagi yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlarini o‘rganish bo‘yicha ishlar bajarilmoqda.

Davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazishning interaktiv tizimida loyiha materiallarini ishlab chiquvchi tashkilotlarning yagona elektron bazasini yuritish hamda ularning baholash (reyting) tizimini joriy etish maqsadida loyiha materiallarining sifatini baholash uchun dastlabki mezonlar ishlab chiqildi.

Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning yuqori va o‘rta darajada xavfi bo‘lgan ob’ektlarga «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq jamoatchilik ishtirokini ta’minlash mexanizmining joriy etilishi ham kutilgan natijani beradi. Zero, jamoatchilik eshituvlari rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa xil faoliyatni atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini o‘sha yerda yashayotgan aholi vakillari ishtirokida joyida o‘rganish va ularning mustaqil fikrini olish imkoniyatini yaratadi. Bu esa o‘z navbatida, mahalliy aholining yuzaga kelishi mumkin asosli e’tirozlarning oldini olishga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Buni 2020 yilning noyabr oyida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, «Pamuza» mahalla fuqarolar yig‘ini erkin iqtisodiy zonasi hududida “DOBRIY MASLO” MChJ tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan kungaboqar o‘simligidan yog‘-moy mahsuloti ishlab chiqarish korxonasining atrof-muhitga ta’sirini baholash loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvi misolida ham ko‘rish mumkin bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ayni paytda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi a’zo mamlakatlar bilan O‘zbekistonning atrof-muhitga ta’sirini baholash sohasidagi qonunchiligini tahlil qilgan holda takomillashtirish bo‘yicha ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar